Tramp Eronga qarshi ommaviy zarbalarni qayta boshlash bilan tahdid qildi
AQSh Eron sulh shartlariga amal qilmasa, avvalgidan ham «kengroq va kuchliroq» zarbalarni boshlaydi. Bu haqda Amerika prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
U Truth Social’da yozishicha, «haqiqiy kelishuv»ga erishilmaguncha, Amerika qo‘shinlari, kemalari va samolyotlari — «allaqachon ancha zaiflashgan dushmanni halokatli ta’qib qilish va yo‘q qilish uchun kerak bo‘lgan barcha vositalar» — Eron yaqinida va Yaqin Sharqda qoladi.
AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens aniqlik kiritib, agar Tehron Ormuz bo‘g‘ozini to‘sishda davom etsa, Vashington sulh shartlariga amal qilmasligini bildirdi.
«Kelishuv — bu o‘t ochishni to‘xtatish, muzokaralar — biz taklif qilayotgan narsa, ular tomonidan esa bo‘g‘ozlarni ochish. Agar bu amalga oshirilayotganini ko‘rmasak, prezident bizning shartlarga amal qilmaydi», — dedi Vens. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Eronga, agar u halol muzokaralarga rozi bo‘lsa, «ko‘p narsani» taklif qilishga tayyor.
Avvalroq Eron davlat televideniyesi sulh e’lon qilinganidan so‘ng birinchi kema Ormuz bo‘g‘ozidan o‘tganini xabar qilgan edi. Biroq Reuters manbalariga ko‘ra, Eron harbiylari hali ham kemalarga, agar ular bo‘g‘ozga kirishga urinsa, tahdid qilmoqda.
8 aprel kuni AQSh va Eron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Trampning aytishicha, AQSh barcha harbiy maqsadlarga «erishdi va hatto ulardan ham oshib ketdi» hamda Tehrondan 10 banddan iborat taklif oldi, bu «muzokaralar uchun ishchi asos bo‘lishi mumkin».
Eronning Fars agentligi ma’lum qilishicha, AQShga taqdim etilgan reja hujum qilmaslik kafolatlari, Ormuz bo‘g‘ozi ustidan Tehron nazorati, mamlakatning uranni boyitish huquqini tan olish, barcha sanksiyalarni bekor qilish va kompensasiya to‘lashni nazarda tutadi.
AQSh va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar 10 aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tadi. Amerika tomonidan ularda vise-prezident Jey Di Vens, AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etadi, deb yozgan CNN. Eronning ISNA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, delegasiyaga parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof rahbarlik qiladi.
So‘nggisi bir kun avval «sulhning uchta asosiy buzilishi»dan so‘ng muzokaralar ma’nosini yo‘qotayotganini bildirgan. Xususan, gap Isroilning Livanga qarshi harakatlari, Eron havo hududining buzilishi va Islom Respublikasining uranni boyitish huquqi inkor etilishi haqida bormoqda.
