Mojtabo Xomanaiyning sog‘lig‘i yaxshi va vaziyatni nazorat qilmoqda — Eron TIV
Tehron Xomanaiy haqida tarqalgan sog‘lig‘i bilan bog‘liq mish-mishlarni rad etdi.
Eron rasmiylari mamlakat oliy rahbari Mojtabo Xomanaiy sog‘lom ekani va davlat boshqaruvini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Said Xatibzoda bayonot berdi, deya xabar qilmoqda TASS. Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy rahbarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yo‘q va u mamlakatdagi barcha jarayonlarni nazorat qilib turibdi.
“Uning sog‘lig‘i yaxshi va u barcha jarayonlarni nazorat qilmoqda”, — dedi diplomat.
Shuningdek, Xatibzoda oliy rahbarning so‘nggi paytlarda omma oldida kam ko‘rinayotgani haqidagi savollarga ham javob berdi. Uning ta’kidlashicha, mintaqadagi murakkab xavfsizlik vaziyati bunday qarorlarning qabul qilinishiga sabab bo‘lmoqda.
Diplomatning fikricha, hozirgi vaziyat nihoyatda keskin bo‘lib, AQSh “xalqaro huquq normalarini buzgan holda davlat rahbarini o‘ldirishga borgan” voqealar fonida xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurati yuzaga kelgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQShning Isroil bilan hamkorlari ham bunday operasiyalarni amalga oshirishdan “tortinmasligi” mumkin.
Avvalroq The Times gazetasi razvedka ma’lumotlariga tayanib, oliy rahbar go‘yoki davolanayotgani va qaror qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etmayotgani haqida xabar bergan edi. Tehron rasmiylari esa bu xabarlarni rad etib, rahbar davlat boshqaruvini davom ettirayotganini ta’kidlamoqda.
