Xitoy vositachiligida Afg‘oniston va Pokiston keskinlikni yumshatishga kelishdi
Xitoy mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun muloqot platformasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Xitoy vositachiligida Urumchi shahrida o‘tkazilgan maslahatlashuvlar yakunida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning ma’lum qildi deydi TASS.
Unga ko‘ra, 1–7 aprel kunlari Urumchi shahrida Xitoy, Afg‘oniston va Pokiston vakillari ishtirokida bir qator norasmiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Muzokaralarda diplomatik, mudofaa va xavfsizlik idoralari vakillaridan iborat idoralararo delegasiyalar qatnashgan.
Tomonlar mavjud kelishmovchiliklarni muloqot va maslahatlashuvlar orqali hal qilishga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlab, vaziyatni keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilish bo‘yicha kelishib olgan.
Shuningdek, maslahatlashuvlar davomida delegasiyalar Afg‘oniston–Pokiston munosabatlaridagi muammolarni kompleks tarzda hal etish yo‘llarini muhokama qilib, ustuvor e’tibor talab etadigan asosiy masalalarni aniqlab olgan.
Mao Ning ta’kidlashicha, “Urumchi jarayoni” doirasida tomonlar yuzaga kelgan muammolarni hal etishning eng real yo‘li sifatida aynan muloqot va diplomatik vositalarni tan oldilar. Xitoy esa mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida muloqot uchun platforma yaratishda hamda amaliy hamkorlikni mustahkamlashda yordam berishda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni Pokiston–Afg‘oniston chegarasi hududida yana qurolli to‘qnashuvlar yuz bergan edi. Kobul Pokiston tomonidan Afg‘oniston hududiga uyushtirilgan havo hujumlariga javoban harbiy operasiya o‘tkazayotganini ma’lum qilgan.
