Soliq nazorati tadbirini videotasvirga olinadi
Vazirlar Mahkamasi qarori (154-son, 09.04.2026 y.) bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, shuningdek, ba’zilari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblandi.
✅ Hukumatning 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
📄 Nizomga ko‘ra, nazorat tadbirlari soliq organi rahbari yoki rahbar o‘rinbosarining soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida videotasvirga olinadi.
📸 Soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida quyidagilar videotasvirga olinadi:
▫️ soliq solish ob’ektlarini hisobga olish;
▫️ xronometrajni ko‘zdan kechirish;
▫️ soliq to‘lovchi ishchi va xodimlarining haqiqiy soni hamda soliq hisobotidagi aks ettirilgan ishchi va xodimlar soniga muvofiqligini tekshirish;
▫️ nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash;
▫️ savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishi va boshqalar.
🔺 Nazorat tadbiri soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydigan va faoliyat ko‘rsatishiga ziyon yetkazmaydigan tarzda videotasvirga olinadi.
📝 Nazorat tadbiri natijasi bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada tadbir jarayonini videotasvirga olish moslamasi (qurilmaning rusumi va seriya raqami), videotasvirga olingan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.
