G‘arb universitetlarida inqiroz: bu xorijda o‘qish tanloviga qanday ta’sir qilmoqda?
AQSh va Buyuk Britaniyada oliy ta’lim bozorida inqiroz kuchaymoqda. The Wall Street Journal va The Guardian xabar berishicha, bu holat xorijda ta’lim olishni rejalashtirayotgan talabalar qarorlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Buyuk Britaniya: qarzlar va sifat muammosi
Higher Education Policy Institute (HEPI) ma’lumotiga ko‘ra, qator britan universitetlari katta qarzlarga botgan va imkoniyatidan ortiq talabalarni qabul qilmoqda.
Natijada auditoriyalar to‘lib ketgan, talabalar turar joyi yetishmayapti. Ayrim oliygohlarda qarzlar yillik daromaddan bir necha barobarga oshib ketgan.
Shu bilan birga, o‘qituvchilar maoshining pastligi sababli tez-tez ish tashlashlar kuzatilmoqda. Bu esa darslarning qoldirilishi yoki ko‘chirilishiga olib kelib, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
AQSH: talabalar yetishmovchiligi
AQShda esa vaziyat boshqacha: talabalar soni kamaymoqda. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, yaqin yillarda 400 ga yaqin xususiy kollej yopilishi mumkin.
Bu holatga viza qoidalarining kuchaytirilishi va yoshlar orasida oliy ta’limning ahamiyatiga nisbatan shubhalar ortishi sabab bo‘lmoqda. Ayrim o‘rta darajadagi universitetlarda so‘nggi 10 yilda talabalar soni deyarli ikki barobarga kamaygan.
Talab o‘zgarmoqda
Mutaxassislar fikricha, bu o‘zgarishlar xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan talabalar, jumladan Rossiya va boshqa davlatlar yoshlari uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Endi ko‘pchilik nafaqat mashhur universitetlar, balki aniq mutaxassislik bo‘yicha kuchli bo‘lgan oliygohlarni tanlashga harakat qilmoqda.
Osiyoga qiziqish ortib bormoqda
Inqiroz fonida Osiyo mamlakatlariga qiziqish ortib bormoqda. Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur va Yaponiya kabi davlatlar nisbatan arzon va sifatli ta’lim imkoniyatlarini taklif qilmoqda.
Shuningdek, ikki diplomli dasturlar — ya’ni AQSh yoki Yevropa universitetlari bilan hamkorlikdagi ta’lim shakllari ham ommalashmoqda.
