O‘zbekistonda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi past — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizda elektron tijorat hajmi 20 barobar o‘sib, 1,3 milliard dollarga yetdi. Raqamli platformalar soni 120 tadan ziyodni tashkil etmoqda. O‘zini o‘zi band qilish tartibining kengaytirilgani, lisenziyalash va soliqqa tortishning soddalashtirilgani hisobiga sohada 750 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan, byudjetga esa har yili 200 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumlari ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 4-4,6 foizni tashkil etib, jahondagi o‘rtacha 22 foizlik ko‘rsatkichdan 5 barobar kam ekani ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimizda ushbu ulushni 9-11 foizga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjud.
Taqdimotda elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishda import tovarlarini bojxona to‘lovlari va soliqlarini kechiktirilgan tartibda to‘lash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan maxsus ombor – bond omborlar tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, tovar uchun boj to‘lovlarini uni sotish paytida amalga oshirish tizimini joriy etish orqali kamida 500 million dollar investisiya jalb qilish uchun sharoit yaratish mumkin. Bunday amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda omborlarning umumiy maydoni 634 ming kvadrat metrni tashkil qilib, shundan 72 foizi Toshkent shahri va viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Mavjud omborlarning atigi 34 foizi zamonaviy “A” toifasiga mansub. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun keyingi besh yilda 2,5 million kvadrat metr zamonaviy omborlar talab etiladi.
Shu munosabat bilan yurtimizda yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi.
Raqamli platformalarni hamda bond omborlarni soliq va bojxona tizimlari bilan chuqur integrasiya qilish zarurligi ta’kidlandi. Taqdimotda 2026-2028 yillar davomida tajriba tariqasida “import – bond ombori – maxsus elektron savdo platformasi – iste’molchi” zanjiri asosida yangi mexanizmni joriy etish taklifi bildirildi.
Unga ko‘ra, tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus elektron savdo platformasi orqali sotiladi, bojxonada deklarasiyalash va boj to‘lovlari esa bevosita sotuv bosqichida amalga oshiriladi. Bunday platformalar va omborlar tegishli reestrlarga kiritilib, Bojxona qo‘mitasida hisobga qo‘yiladi.
Shuningdek, bond omborlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirishi, aylanma mablag‘larga tushadigan yukni kamaytirishi, logistika xarajatlarini pasaytirishi va eksport raqobatbardoshligini oshirishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari elektron tijoratni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, mazkur sohada zamonaviy infratuzilmani yaratish, raqamli platformalar faoliyati uchun qulay va shaffof muhit shakllantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
