Tramp endi hindular uchun muqaddas hisoblangan yerlarga qo‘l cho‘zmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tmishdoshi Jo Bayden lavozimni tark etishidan bir hafta oldin tashkil etgan Kaliforniya shtatidagi ikkita yirik davlat qo‘riqxonasini yopishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Amerika ommaviy axborot vositalari Oq uyga asoslanib xabar bermoqda.
So‘z Janubiy va Shimoliy Kaliforniyadagi Chakvalla (maydoni 252,5 ming gektar) hamda Sattilla-Xaylends (maydoni 90,6 ming gektar) qo‘riqxonalari xususida ketmoqda. Mahalliy Amerika qabilalari bu joylarni muqaddas deb bilishadi va Baydendan hududda neft qazish, foydali qazilmalarni qazib olish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va boshqa sanoat faoliyatlarini taqiqlashni so‘rashgan. Bu haqda The Washington Post (WP) nashri ma’lum qilmoqda.
Tramp bu qo‘riqxonalar "keng hududlarda iqtisodiy rivojlanish va energiya qazib olishga to‘sqinlik qiladi" degan xulosaga keldi.
Shu bilan bir vaqtda, AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi Baydenning iqlim bo‘yicha eng muhim farmonlarini, jumladan, elektromobillarga o‘tishni jadallashtirish va chiqindilarni kamaytirish to‘g‘risidagi farmonlarini bekor qilish jarayonini boshladi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentning bu farmonlarni Kongress roziligisiz to‘liq bekor qilish huquqi bor-yo‘qligi noaniq, chunki uning vakolatiga "barcha amerikaliklar manfaati uchun yer va suvni himoya qilish, shu jumladan davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish yoki kengaytirish" kiradi.
Bayden o‘z prezidentlik muddati davomida 10 ta yangi qo‘riqxona tashkil etdi va mavjud to‘rtta qo‘riqxona hududini kengaytirdi. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha AQShning 39-prezidenti Jimmi Karterdan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.