Toshkent viloyatida ayrim maktab va bog‘chalarning yaroqsiz binolari buziladi

Toshkent viloyatida ayrim maktab va bog‘chalarning yaroqsiz binolari buziladi

Toshkent viloyatidagi ayrim yaroqsiz holatdagi ob’ektlar buziladi. Bu bo‘yicha 17 aprel kuni viloyat hokimi Zoir Mirzayevning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatda ayrim yaroqsiz holatdagi binolarni buzish zarurati ijtimoiy soha ob’ektlarida rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotgani sabab yuzaga kelgani qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, viloyatning uchta tumanidagi foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan quyidagi binolar buziladi:

  • Zangiota tumani “Asil” MFY hududidagi 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1 qavatli qo‘shimcha bino-inshootlari;
  • Bo‘ka tumani “O‘zbek” MFY hududidagi 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 3 ta 1 qavatli bino-inshootlari;
  • Toshkent tumani “Chig‘atoy” MFY hududidagi 18-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 1 qavatli bino-inshootlari.

Mazkur bino-inshootlarning poydevori g‘ishtdan bo‘lgani sabab asosiy yuk ko‘taruvchi konsruksiyalari ularni 2 qavatli qilib qurish imkonini bermaydi hamda xulosalarga asosan bino-inshootlarning asosiy yuk ko‘taruvchi konsruksiyalarini kuchaytirish katta mablag‘ talab etadi.

Mazkur bino-inshootlarni viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining xulosalariga asosan belgilangan tartibda buzishga ruxsat beriladi. Shuningdek, buzish natijasida yaroqli deb topilgan qurilish materiallarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, yer maydonidan kelgusida samarali foydalanish choralarini ko‘rish belgilangan.

Avvalroq Andijonda yaroqsiz holatga kelib qolgan 20 ta maktab va bog‘cha binosi buzilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Fevral oxirlarida esa ijtimoiy tarmoqlarda usta-quruvchilar Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabidagi musiqa asbobi (pianino)ning ustiga chiqib, jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘luvchi xatti-harakatlarni sodir etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!