“Tog‘ qo‘riqchisi” qishki o‘quv kursida harbiylar mahorati

“Tog‘ qo‘riqchisi” qishki o‘quv kursida harbiylar mahorati

Yurtimiz hududining 30 foizini tog‘lar va tog‘ oldi kengliklari tashkil etadi. Tog‘li sharoitlarda olib boriladigan har qanday jangovar harakatlarning muvaffaqiyati ko‘proq shaxsiy tarkibning jismoniy va ruhiy holatiga, qolaversa, ularda tabiiy qiyinchiliklarni yengib o‘tish, yuksak kasbiy tayyorgarlik hamda ekstremal sharoitlarni to‘g‘ri baholay olish qobiliyatiga bog‘liq.

Shu bois harbiy xizmatchilarning sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, mahorat va tajribalarini  mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi o‘quv mashq markaziga Qurolli Kuchlar barcha tizimlarining harbiy xizmatchilari, tog‘ tayyorgarligi mutaxassislari malaka oshirish kurslariga jalb etiladi. Xususan, “Forish” tog‘ dala poligonida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya ham Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining mutaxassislari uchun “Tog‘ qo‘riqchisi” qishki o‘quv kursi tashkil etildi.

Mashg‘ulotlarni Mudofaa vazirligining tajribali harbiy xizmatchilari olib bordi. Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ dala poligonida o‘tkazilgan mazkur kursda asosiy e’tibor amaliyotga qaratildi.

Tog‘da harakatlanish jarayonida shaxsiy va guruh anjomlaridan o‘rinli foydalanish, tik qoyalarga chiqib-tushish, tor ko‘priklardan o‘tish, qoyadan qoyaga arqonlar yordamida ko‘chish, tog‘ sharoitida yaradorlarni evakuasiya qilish amaliyotlarini kuzatish kishini hayajonga soladi. Bu o‘g‘lonlar dastlab yozgi o‘quv kursida toblandi. Nazariy va amaliy bilimlarini oshirdi. Bugun esa qish faslining noqulay ob-havo sharoitlarida tog‘li hududlarda belgilangan murakkab vazifalarni  bajarishdi.

Harbiy xizmatchilar real tog‘ sharoitlarida tog‘ anjomlari yordamida qoyaga ko‘tarilish va tushish, tog‘li hududda harakatlanish, tog‘ daralari va to‘siqlardan oshib o‘tish, yaradorga tibbiy yordam ko‘rsatish va uni evakuasiya qilishning zamonaviy usul va uslublarini amalda bajardi. Albatta, harbiy, tibbiy tayyorgarlik, yashovchanlik, tog‘da maxsus-taktika va otish tayyorgarligi, harbiy alpinizm... bularning barini puxta o‘zlashtirgan harbiy xizmatchi har qanday murakkab vazifani bajarishda muvafaqqiyatga erishishi aniq.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari sohaning eng ma’qul jihatlarini milliy armiyamizga tadbiq etmoqda. Mazkur o‘quv kursi ham yurt himoyachilarining tog‘ tayyorgalrigi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi. 

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!