Timsohlar daryosida Olimpiada bellashuvlari o‘tkazilishi mumkin

2032 yili Avstraliyaning Brisben shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari hozirdanoq omma orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
The Courier Mail'ning xabar berishicha, 4 yillikning eng nufuzli turnirida Brisbendan unchalik uzoq bo‘lmagan Rokhempton shahrining Fisroy daryosida eshkak eshish bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qiziq tomoni, daryoda yirik timsohlar mavjud bo‘lib, mahalliy hukumat suvda o‘tadigan musobaqalarni boshqa hududga ko‘chirish moliyaviy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi, degan fikrda.
Kvinslend shtati ma’murlari eshkak eshish bellashuvlari bo‘lib o‘tadigan joylarni bir necha kun ichida e’lon qilishi kutilmoqda.
Avstraliya eshkak eshish federasiyasi bosh direktori Sara Kuk ushbu ob’ektni sportchilar uchun xavfli oqimlar yo‘qligi va musobaqa o‘tkazish uchun qolgan joylarga qaraganda qulayroq ekanligi bilan izohladi. Biroq Kuk bu borada hali tegishli xalqaro federasiyalar yoki Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bilan maslahatlashmagan. Kukning aytishicha, Fisroy daryosi eshkak eshuvchilar ichida anchayin mashhur bo‘lib, bu yerdagi timsohlar chet elliklarni hayratda qoldirishi va muxlislarga o‘zgacha zavq ulashishi mumkin.
London Olimpiadasi sovrindori Aleksey Korovashkov timsohlari bo‘lgan havzada musobaqalarda ishtirok etishni istamasligini aytib o‘tdi: «Bunday miqyosdagi turnirlar uchun yovvoyi tabiatdan uzilgan maxsus eshkak eshish kanallarini qurish kerak. Masalan, Moskvada o‘tkazilgan 1980 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun ham maxsus kanal oldindan qazilgan», — dedi kanoechi.
«2032 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun Fisroy daryosini tanlash rejalari birinchi marta yanvar oyida muhokamaga qo‘yilgandi. Eshkak eshish musobaqalari dastlab Brisbendan uzoqroqda joylashgan Viaralong to‘g‘onida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo Brisbendan u yerga borish uchun yangi yo‘l qurilishi, elektr energiyasi va shunga oid boshqa infratuzilma imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Biroq musobaqalarni Fisroy daryosida olib borish ancha arzonga tushadi», — dedi Kvinslend senatori Mett Kanavan.