TEST-2020: telefon olib kirmoqchi bo‘lgan abituriyent jarayondan chetlashtirildi

Ikkinchi sentyabr abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun har doimgidan ko‘ra o‘zgacha va hayajonli boshlandi.
Bugun oliy o‘quv yurtida o‘qish istagi bilan hujjat topshirgan yoshlar o‘z bilimini sinab ko‘radi. Xullas, g‘alvirni suvdan ko‘taradigan vaqt keldi.
Toshkentda ham bu jarayon qizg‘in boshlandi. Ayni damda poytaxtimizning 5 tumanida joylashgan 6 manzil – “Paxtakor” stadioni, Botanika bog‘i, Milliy bog‘, Talabalar shaharchasi, “G‘alaba bog‘i” hududidagi usti yopiq sahna maydoni va “Ashxobod” sayilgohida test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan test sinovlari o‘tkaziladigan ob’ektlarni jihozlash, abituriyentlar uchun qulay sharoit yaratish, test o‘tadigan hududga kirishda dezinfeksiya yo‘laklarini tashkil qilish kabi zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
2020/2021 o‘quv yilida poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun jami 250 ming 711 abituriyent hujjat topshirgan. Test o‘tkaziladigan sektorlar 17 tani tashkil etadi. Bir smenada 9 ming 930 abituriyent test topshirish imkoniyatiga ega.
O‘zA muxbiri Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasi sayilgohida bo‘lib o‘tayotgan test jarayonini kuzatmoqda.
Test sinovlarida shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida abituriyentlarni hududga kiritish va shaxsini aniqlash uchun shaxsni identifikasiyalash vositalaridan (videofiksasiya, barmoq izi skaneri) foydalanilmoqda. Jarayonlar videokuzatuv ostida o‘tkazilmoqda.
– Talabalar shaharchasi sayilgohida bir vaqtda 2 ming 280 abituriyent test topshira oladi. Bu yerdagi 8-sektor 900, 9-sektor esa 1300 abituriyentga mo‘ljallangan. Har bir guruhga alohida va umumiy kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Stol-stullar karantin talablaridan kelib chiqib, ijtimoiy masofa saqlangan holda joylashtirilgan. Test jarayoni o‘z vaqtida boshlandi. Hududga telefon olib kirmoqchi bo‘lgan bir abituriyent jarayondan chetlashtirildi, – dedi 8-9-sektor rahbari Bobur Yusupov.
– Angren shahridan keldik. Katta farzandim Go‘zalxon test topshirgani 9-sektorga kirib ketdi. Qizim matematika, kimyo bo‘yicha besh oliygohni tanlagan. U uzoq tayyorlandi. O‘zim o‘rta ma’lumotli bo‘lganim uchun farzandim bilim olishi yo‘lida barcha sharoitni yaratib berdim. Xuddi o‘zim ham testga kirgandek kuchli hayajondaman, – dedi Kamolxon Akramov.
Belgilangan vaqtdan kechikkanlar test sinovlariga qo‘yilmayapti.
Test jarayonlari test2020.uz veb-sayti va tegishli telekanallarda onlayn namoyish etilmoqda.