Tahlilchi: Eron inqirozi yevroga jiddiy xavf tug‘dirmoqda
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida yevro eng katta xavflardan biriga duch kelmoqda. Bu haqda Alfa-Forex mijozlarni qo‘llab-quvvatlash va savdo bo‘limi rahbari Aleksandr Shnayderman ma’lum qildi.
Tahlilchiga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik allaqachon neft va gaz narxlarining sezilarli oshishiga olib kelgan. Bu esa asosiy energiya iste’molchilaridan biri bo‘lgan Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shnaydermanning ta’kidlashicha, energiya narxlarining qimmatlashi inflyasiyaning tezlashishiga, biznes xarajatlarining ortishiga va iste’molchilar talabining pasayishiga sabab bo‘lishi ehtimol. Bu esa yevrohududda iqtisodiy sekinlashuv va hatto texnik resessiya xavfini kuchaytirib, yevro kursiga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy beqarorlik sharoitida investorlar ko‘proq dollar aktivlariga yo‘naladi. Bu esa AQSh valyutasining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Shnayderman neytral ssenariyda yevroning o‘zgaruvchanligi yaqin kelajakda ham saqlanib qolishini aytdi. Uning prognoziga ko‘ra, yevroning dollarga nisbatan kursi 1,15–1,18 oralig‘ida o‘zgarishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 3 mart kuni dollar indeksi asosiy jahon valyutalariga nisbatan taxminan 0,8 foizga oshgan. Bu o‘sish Yaqin Sharqdagi voqealar fonida kuzatilib, 2025 yil aprelidan beri eng yirik ikki kunlik o‘sishlardan biri bo‘ldi.
