44 ta elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlari ishdan olindi
44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ishdan olindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 24 aprel kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari energiya samaradorligi masalalariga alohida to‘xtalib, elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi holatni tanqid qilgan edi.
Shu munosabat bilan, xulosa chiqarmagan rahbarlarni zudlik bilan ishdan olish, ularning o‘rniga yosh kadrlarni tayinlash hamda yo‘qotishlarni kamida ikki barobar qisqartirish bo‘yicha aniq KPI belgilash zarurligi ta’kidlangan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari, hududiy elektr va gaz korxonalari mutasaddilari ishtirok etib, energiya samaradorligi va energiya resurslari yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish loyihasini jadallashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy ko‘rib chiqilib, bu borada jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun «Hududgaz Xorazm» gaz ta’minoti filiali rahbarini ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, yoz va kuz-qish mavsumlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, mavjud muammolarni oldindan bartaraf etish, gaz quyish shoxobchalarini «UGaz» tizimiga ulash ishlarini qisqa vaqtda yakunlash, gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash hamda aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriq va ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan hududlar kesimida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Andijon filialidagi 14 ta, Jizzax filialidagi 7 ta, Samarqand filialidagi 10 ta, Qashqadaryo filialidagi 4 ta, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallaridagi 2 tadan tuman (shahar) elektr korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etildi.
