Super-kontrakt narxini qanday hisoblash kerak?
Bu haqda huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagilarni yozib qoldirdi:
Super-kontrakt narxi qancha bo‘lishini istalgan inson o‘zi mustaqil hisoblab olishi mumkin, buning uchun yetarli barcha ma’lumotlar e’lon qilingan. Faqat ozgina hafsala kerak xolos.
Eng avvalo, bir narsani yodda tuting, super-kontraktning eng aniq miqdorini faqat va faqat o‘zingiz hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasasi orqali bilishingiz mumkin.
Endi minimum miqdorlar haqida:
1-eslatma: super-kontrakt degan tizim kunduzgi, sirtqi, kechki ta’limda ham bor;
2-eslatma: imtiyoz olgan, lekin kira olmagan abituriyentlar uchun umumiy kirish baliga qarab super-kontrakt narxi belgilanadi, imtiyozlilarning o‘tish baliga qarab emas.
Super-kontrakt narxi kunduzgi ta’lim shaklida stipendiyasiz to‘lov-kontrakt miqdoridan hisoblanadi (sirtqi va kechkida shundoq ham stipendiya yo‘q). Demak, quyida ilova qilingan jadvalda ko‘rsatilgan kontrakt summasini super-kontrakt barobariga ko‘paytirishingiz kerak.
Shuningdek, 3 ta toifadan qaysi biriga taalluqli ekanligingizni ham aniqlab olishingiz kerak.
1-toifa: kirish chizig‘iga 4 ballgacha yetmay qolgan abituriyentlar
Bunda quyidagi shkala amal qiladi:
➖ 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
➖ 1,1 balldan 2 ballgacha — 2,0 barobari;
➖ 2,1 balldan 3 ballgacha — 2,5 barobari;
➖ 3,1 balldan 4 ballgacha — 3,0 barobari.
Masalan, matematika yo‘nalishida 1,5 ball yetmay qoldi deylik. Bunday vaziyatda o‘sha abituriyent 2 barobar to‘laydi. Jadvalga qarasak, matematika yo‘nalishida kontrakt narxi 6.412.610 so‘m. Demak, matematika yo‘nalishiga 1,5 ball yetmay qolgan abituriyent 12 mln 825 ming so‘m super-kontrakt to‘laydi (2 x 6.412.610).
2-toifa: kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmay qolgan va o‘zi 56,7 dan ko‘p ball to‘plaganlar
Bunday abituriyentlar super-kontrakt uchun yo‘nalishiga qarab pastdagi jadvalda ko‘rsatilgan oddiy kontraktning minimum 8, 10, 12, 15, 17 yoki 25 barobarini to‘laydi.
Qaysi yo‘nalishga necha barobar to‘lanishi mana bu faylda keltirilgan:
https://t.me/xushnudbek/11522
Masalan, iqtisod yo‘nalishiga kirish bali 150 ball bo‘ldi deylik. Abituriyent 70 ball to‘pladi. Demak, unga 4 balldan ortiq yetmay qolgan, o‘zi ham 56,7 balldan ko‘proq to‘plagan. Iqtisod yo‘nalishiga minimum super-kontrakt 10 barobar etib belgilangan. Stipendiyasiz oddiy kontrakt narxi esa 9.129.930 so‘m.
Xulosa: iqtisod yo‘nalishi uchun super-kontrakt miqdori minimum 91 mln 299 ming so‘m (10 x 9.129.930).
BU MUHIM: o‘tish baliga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan va 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlarning hammasiga bir xil narx bo‘ladi. Ya’ni 5 ball yetmagan ham, 50 ball yetmagan ham bir xil to‘laydi. O‘shanchun menga 10 ball yetmadi, menga 30 ball yetmadi, qancha bo‘ladi, deb so‘rashdan foyda yo‘q.
3-toifa: 56,7 balldan kam to‘plaganlar
Bunday abituriyentlar super-muper kontraktda o‘qishi mumkin, faqat kamida 2-toifadagilar to‘laydigan summaning 2 barobarini to‘lashadi. Masalan, abituriyent iqtisod yo‘nalishiga topshirib, 40 ball to‘plagan, ya’ni 56,7 balldan kam. Demak, u kamida 182 mln 598 ming so‘m to‘lashi kerak (2 x 91.299.300).
‼️Ayrimlar so‘ramoqda. Masalan, abituriyent 54 ball oldi. Kirish bali esa 57 ball bo‘ldi. Shunda 3 ball yetmagan bo‘lsa, super kontrakni kamroq to‘laydimi? Yo‘q va aslo yo‘q! 56,7 balldan kam to‘plandimi, tamom, bunaqada ikki karra ko‘proq super-kontrakt to‘lanadi. Kirish baliga qancha yetmagani ahamiyatsiz.
Xullas, Siz to‘plagan balingiz asosida kamida taxminan qancha super-kontrakt to‘lashingizni bemalol o‘zingiz hisoblab ko‘rishingiz mumkin.
