Soliq qarzini plastik kartadan undirish «noo‘rin va teskari effekt beradigan chora»mi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga Markaziy bank va Soliq qo‘mitasining Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida gi qarori loyihasi joylashtirilgani xabar qilingandi.
Davletovuz bu noo‘rin va teskari effekt beradigan chora ekanini ta’kidlab, quyidagi omillarni keltirib o‘tdi:
Agar tizim ishga tushsa, soliq ma’murchiligi sifatsizligi sharoitida soliq ob’ektlari va ular bo‘yicha baza to‘liqsiz bir vaziyatda praktikada soliq undirish zo‘ravonchiligi yaraladi.
Plastik kartadagi mablag‘lar fuqarolarning mulki, u daxlsiz, faqat sud qarori bilan musodara yoki e’tirof etilishi mumkin. Bu Konstitusiya va amaldagi qonunchilikka zid amaliyotlardan yana biriga aylanadi. Mulk daxlsizligi bo‘yicha yozaverib, gapiraverib, to‘g‘risi, charchadik. Prezident aytgan haqiqiy bozor iqtisodiyotining tamal toshi bu mulk daxlsizligi.
Soliq organlari yana o‘z funksiyalarini bajarishni tijorat banklariga yuklamoqda. Tijorat banklarini banklarga xos bo‘lmagan vazifalardan xalos qilish borasidagi qo‘yilayotgan maqsadlardan yana va yana chetlanaveramizmi?
Har bir qaror yo hujjatdan keyin fuqarolarning reaksiyasi ahamiyatga ega. Har qanday fuqaro bunday signaldan keyin birinchi navbatda plastik kartalarda pul saqlamaslik chorasini ko‘radi. Ish beruvchi esa yollanma ishchilarga maosh berishni naqdga o‘tkazish haqida o‘ylay boshlaydi. Taajjub, soliqchilik va soliq ma’murchiligi bo‘yicha mamlakatda barcha muammolar yechib bo‘lindimi? Faqat muammo fuqarolarning plastik kartasidan soliqlarni so‘zsiz undirishda qoldimi? O‘zi fuqarolar to‘laydigan qancha undirilmay qolgan summa bor. Aytaylik, shartli 50 mlrd bor deylik, shu shartli 50 mlrd.uchun ekonomikaga shartli 5 trlnlik ziyon yetkazish kerakmi?
Qaror loyihasi qayta ko‘rib chiqiladi, deb umid qilamiz , qo‘shimcha qiladi muallif.