Sog‘liqni saqlash vaziri: 31 nafar rahbar xodim lavozimidan ozod etildi

Sog‘liqni saqlash vaziri: 31 nafar rahbar xodim lavozimidan ozod etildi

Barcha sohada bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Ushbu sa’y-harakatlar samaradorligi esa, shubhasiz, fidoyi mutaxassislarning adolatli va shaffof faoliyati bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli ham tizimda noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi keskin kurashish va ularni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, respublikada ayollarga bosqichma-bosqich perinatal yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan 210 ta tug‘ruq muassasasi mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda ushbu shifoxona jamoalarida ma’naviy muhitni yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish borasida izchil ishlab olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur muassasalar moddiy texnik bazasini mustahkamlash, dori-darmon bilan yetarlicha ta’minlanganligi hamda xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratilganligiga ham jiddiy ahamiyat berilayapti. Darhaqiqat, ushbu yo‘nalishlarda muammolar qanchalik kam bo‘lsa, korrupsiyaga moyillik holatlari ham o‘z-o‘zidan bartaraf etilishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, tug‘ruq muassasalarida ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va shifokorlarning turli noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi ta’minlanmoqda. Shuningdek, o‘tgan yili ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha nufuzli muassasalarning 33 nafar yetakchi olimlari joylarda tibbiy xizmat sifati hamda kasb madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashish maqsadida hududlarga rahbarlik lavozimiga tayinlandi.

– Respublikadagi barcha tug‘ruq muassasalarida 2635 nafar akusher-ginekolog faoliyat yuritadi. Joriy yilning o‘tgan 9 oyida 507 131 ta tug‘ruq qayd etilgani ham ular mehnati nihoyatda mas’uliyatli ekanidan dalolat, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Oilalarga quvonch va baxt ulashguvchi ushbu shifo maskanlarida korrupsiya ko‘rinishlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Zero, har bir ota-ona farzandli bo‘lar ekan, ushbu muassasadan rozi bo‘lib chiqib ketishi kerak. Afsuski, ayrim holatlarda shifokorlarning noqonuniy xatta-harakatlariga guvoh bo‘lamiz. Bunday noxush holatlarga qarshi yanada jiddiy kurash olib borilmoqda. So‘nggi yillarda vazirlik tomonidan homiladorlarga perinatal yordam ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida olib borilgan ishlar va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan respublikadagi tug‘ruq muassasalari rahbarlaridan 31 nafari lavozimidan ozod etilgan va intizomiy choralar qo‘llanilgan.

Soha muassasalari holatini tizimli o‘rganish va muammolarni bartaraf etishni yo‘lga qo‘yish, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida ijobiy ma’naviy muhitni shakllantirish, tibbiy va xo‘jalik xizmati xodimlarini o‘rnatilgan mehnat tartibiga amalga qilishga erishish, stasionar xizmat sifatini oshirish, tibbiyot maskanlarida ta’magirlik va poraxo‘rlik holatlarining oldini olish, tug‘ruq komplekslaridagi bemorlar orasida so‘rovnoma o‘tkazishni tiklash maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanovning buyrug‘i asosida monitoring o‘tkazish uchun ishchi guruhlar tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhlar joriy yil 15 oktyabrdan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tug‘ruq muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy va Respublika perinatal markazlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinik tug‘ruq hamda 3-klinikasi ginekologiya bo‘limlari faoliyatini o‘rganishmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, 27 oktyabrga qadar davom etadigan monitoring natijalari chuqur o‘rganilib, tahlil etiladi hamda mavjud kamchiliklar bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar belgilab olinadi.

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!