Singapurdagi yirik tadbirkor shov-shuvli korrupsiya mojarosining markazida turibdi
Singapurlik milliarder, mashhur "Formula 1" Gran-pri promouteri va nufuzli ko‘chmas mulk magnati Ong Beng Seng so‘nggi o‘n yilliklarda mamlakatdagi eng yirik korrupsiya mojarosiga aylangan ishda aybini rasman tan oldi.
Bu haqda Channel News Asia (CNA) xabar berdi.
Nashrning yozishicha, avvalroq barcha ayblovlarni rad etgan 79 yoshli tadbirkor 4 avgust, dushanba kuni yuqori lavozimli amaldorga pora berganini tan olgan. Xususan, gap sobiq transport vaziri Subrahmanyam Isvaran uchun Dohadan Singapurga biznes-klassdagi parvoz uchun pul to‘lash haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabr oyida Isvaran Ong Beng Sengdan qimmatbaho sovg‘alar ko‘rinishida pora olgani uchun 12 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Tergov, shuningdek, milliarderning o‘zini davlat xizmatchisini korrupsiyaga undagan va adolatga to‘sqinlik qilganlikda ayblagan.
Singapur qonunlariga ko‘ra, Ong Beng Seng yetti yilgacha qamoq jazosi va katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Biroq prokuratura hukm chiqarayotganda tadbirkorning og‘ir sog‘lig‘i inobatga olinishini ma’lum qildi – unga davolab bo‘lmaydigan saraton tashxisi qo‘yilgan va sog‘lig‘ida boshqa jiddiy muammolar bor. Shu munosabat bilan himoyachi suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ramoqda.
Ish bo‘yicha yakuniy qaror 15 avgust kuni qabul qilinadi.
Aytish joizki, Ong Beng Seng Singapur ishbilarmon doiralaridagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi. Uning boyligi milliardlab dollarga baholanadi va uning Hotel Properties Limited kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab nufuzli mehmonxonalar va ko‘chmas mulkka ega. Aynan uning sa’y-harakatlari tufayli 2008 yilda Singapurda "Formula 1" bosqichi paydo bo‘ldi, bu chempionatning birinchi tungi poygasi va taqvimdagi eng ajoyib Gran-prilardan biriga aylandi.
Ushbu korrupsiya mojarosi an’anaviy ravishda korrupsiyaga qarshi qattiq va xolis kurash olib borganligi bilan faxrlanadigan Singapurning yaqin tarixidagi eng shov-shuvli voqealardan biriga aylandi. Singapur hukumati korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi eng qattiq qonunlar mavjud. Bu jinoyat uchun 100 ming Singapur dollari jarima yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
