Shaytonning vasvasasidan qutulish yo‘llari

Shaytonning vasvasasidan qutulish yo‘llari

Iblis alayhila’naning vasvasasidan musulmon kishi qanday qutulishi mumkin? Buning chorasi bormi? Albatta, qutulishning imkoni bor. Quyida vasvasadan saqlanishning bir qancha yo‘llarini bayon qilamiz.

1. Qur’oni karimni ko‘p tilovat qilish.

Inson Qur’onni qancha ko‘p o‘qisa, shaytondan shuncha uzoq bo‘ladi.

2. Zakot, sadaqa va boshqa infoq-ehsonlar.

Hadisda shunday deyilgan: “Suv olovni o‘chirgani kabi sadaqa ham xatoni o‘chiradi”.

3. Allohni ko‘p zikr qilish.

Inson doimo tasbeh, tahlil, tahmid, istig‘for va duolar bilan hayot kechirsa, shaytonning makridan saqlanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Agar mo‘min odam “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu lahul mulku valahul hamdu vahuva ala kulli shay’in qodiyr” deb kun avvalida yuz marta aytsa, bu narsa unga o‘sha kuni shaytondan to‘siq bo‘ladi hamda o‘nta qulni ozod qilgandek savobga erishadi, Alloh unga yuzta hasanot yozadi” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

4. Ilm, ma’rifat ahlining suhbatlarida qatnashish, fazilat ahli bilan biga o‘tirish, bekorchilar majlisidan uzoqlashish.

Darhaqiqat, ulamolar va boshqa ulug‘ insonlarning suhbatlaridan bahramand bo‘lish shaytonning makridan qutulishga yordam beradi. Qolaversa, g‘aflat, gunoh majlislardan uzoq bo‘lish ham shayton vasvasasidan qutqaradi. Chunki, gunoh (g‘iybat, fahsh, zino, tuhmat, bekorchi gaplar gaplashiladigan) majlislarga shayton ham tashrif buyuradi. Shayton ishtirok etgan majlisda esa, bu gunohlardan tashqari, turli man qilingan ichimliklar ichiladi, buning natijasida kayfi oshib qolganlar bir-birini haqorat qilib, bir-birlari bilan urushib, obro‘larini to‘kib, kabira gunohlarni sodir etadilar.

5. Allohga tavakkul qilish.

Shaytondan saqlanishning zohiriy choralarini qilib, natijasini O‘zidan kutish, albatta, iblis tutqunidan qutulishga katta yordam beradi. 

6. Ibodatlarni Allohga kuchli ixlos bilan bajarish.

7. Mustahkam iroda.

Irodasi kuchli inson gunohlardan o‘zini tiyadi, shayton buyurgan narsalarga indamay ergashib ketavermasdan, unga qaqshatqich zarba bera oladi.

Eng asosiysi Alloh taoloning Kitobiga hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga astoydil ergashish, mustahkam tavhidga ega bo‘lish shaytonning orzu-umidlarini puchga chiqaradigan asosiy omildir.

Alloh taolo aytadi: “Kim Alloh (dini)ni mahkam tutsa, demak, u to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanibdi” ("Oli Imron" surasi, 101-oyat).

Shayton bizning dushmanimiz. Dushman esa doimo dushmaniga yomonlik qilishni istaydi. Shuning uchun uning yomonliklariga duchor bo‘lmaslikka harakat qilaylik. Robbimiz bizlarni shunday ogohlantiradi: “Shayton izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” ("An’om" surasi, 142-oyat). 

Alloh taolo barchamizni shayton makridan asrab, uning vasvasalaridan qutulishimizni nasib etsin. Omin! 

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!