Shavkat Mirziyoyev Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi
Navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ar-Riyoddagi favqulodda sammit o‘z vaqtida tashkil etilgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Turli darajalardagi faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va investisiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni oshib bormoqda.
"Yashil" energetika, transport infratuzilmasini modernizasiya qilish, kommunikasiyalar sohasida, qishloq xo‘jaligi, sanoatda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston yetakchisi fuqarolarimiz Haj va Umra ziyoratlarini ado etishlariga yaratilgan sharoitlar uchun Saudiya Arabistoni rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Mintaqaviy masalalar, jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan ham fikr almashildi.
Shu bilan Ar-Riyodga amaliy tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlandi, davlatimiz rahbari Bokuga jo‘nab ketdi.