Senat tarkibini shakllantirishning qaysi usuli bizga ma’qul?

Senat tarkibini shakllantirishning qaysi usuli bizga ma’qul?

Ayni kunlarda mamlakatimizda keng jamoatchilikning faol ishtirokida amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar jadal bosqichga kirib bormoqda.

Joriy yilning 20 may kunidan o‘z ishini boshlagan Konstitusiyaviy komissiyaga keng jamoatchilik tomonidan konstitusiyani takomillashtirishga oid 60 mingga yaqin takliflar kelib tushdi. Fuqarolarimizdan kelayotgan taklif va mulohazalar bevosita jamiyatimizni tashvishga solayotgan va yechimini kutayotgan turli masalalar va muammolarni o‘z ichiga qamrab olganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

Konstitusiyaviy komissiyaga kelib tushgan takliflar asosida shakllangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishi bilan islohotlarning navbatdagi bosqichi boshlandi. Konstitusiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi fuqarolarimiz tomonidan juda qizg‘in davom etmoqda.

Demokratiyaning muhim ko‘rinishi bo‘lgan umumxalq muhokamasi jarayonida fuqarolarimiz o‘z taklif va tavsiyalarini yuborgan holda ushbu siyosiy jarayonga befarq emasligini ko‘rsatmoqdalar.

Ushbu takliflar ichida davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirish bilan bog‘lik takliflarni ham uchratish mumkin. Aniqroq qilib aytganda, ayrim murojaatchilar Oliy Majlis yuqori palatasi – Senatni shakllantirish tartibini o‘zgartirish, uni saylovchilar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash yo‘li bilan shakllantirish bo‘yicha o‘zlarining takliflarini ham keltirib o‘tishgan. Ushbu taklif bo‘yicha ayrim fikrlarimizni bildirib o‘tmoqchimiz.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Senat qanday shakllanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 77-moddasiga ko‘ra, Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislarida mahalliy Kengash deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Demak, 84 nafar senatorlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Demak, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, senat tarkibi aralash usulda shakllantiriladi. Ya’ni, senatorlardan 84 nafari saylanadi, 16 nafari esa tayinlanadi.

Parlament yuqori palatasini shakllantirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi

Bugungi kunga kelib dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida ikki palatali parlament tizimi amal qilishini kuzatishimiz mumkin. Aksariyat hollarda quyi palatalar umumiy qoida bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlar yo‘li bilan shakllanadigan bo‘lsa, yuqori palatalarning shakllanishi turli yo‘llar bilan amalga oshiriladi. Xususan:

1. Bevosita saylovchilar tomonidan shakllantirish (AQSH, Yaponiya).

2. Tayinlash yo‘li bilan shakllantirish (Germaniya);

3. Bilvosita saylovlar orqali shakllantirish (Fransiya, Belgiya );

4. Aralash usul: qisman tayinlanadi, qisman saylanadi (Italiya, Hindiston).

Ayrim misollarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Italiya Konstitusiyasiga ko‘ra (57-59 moddalari) saylash yo‘li bilan shakllanadigan senatorlardan tashqari, Prezident tomonidan ijtimoiy, ilmiy, badiiy va ilmiy sohada alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li 5 nafar fuqaro umrbod Senat a’zosi etib tayinlanishi mumkin.

Hindiston parlamenti yuqori palatasi a’zolarining 12 nafari Prezident tomonidan tayinlansa, boshqa a’zolar shtat va boshqa sub’ektlarning vakillik organlari tomonidan saylanadi.

Germaniya parlamenti yuqori palatasi – Bundesrat a’zolari federasiya sub’ektlarining hukumati tomonidan tayinlanadi.

Xulosa o‘rnida

Oliy Majlis Senati shakllanishining amaldagi tartibining bir qancha ijobiy tomonlarini ko‘rsatish mumkin:

1. Hududlardan saylanadigan 84 nafar Senat a’zolari fuqarolar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash orqali shakllangan mahalliy kengash deputatlari orasidan saylanadi. Ushbu tizim Senat a’zolarining ham saylovchilar xohish-irodasi, ham vakillik organlari tanlovi orqali saralanishini anglatadi.

2. Senatorlarning Prezident tomonidan tayinlanishi instituti esa parlamentning yuqori palatasida respublika miqyosida juda katta tajriba va obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, o‘z sohasining fidoyi va xalqning obro‘-e’tiborini qozongan vakillarning faoliyat yuritishini ta’minlaydi.

3. Oliy Majlis Senati shakllanishining amaldagi tizimi parlamentarizm ravnaq topgan mamlakatlarda o‘zini oqlagan va uzoq tarixiy amaliyotga ega.

Yuqoridagilardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, mamlakatimizda Senatni shakllantirishning zamonaviy, ixcham va demokratik mexanizmi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu esa o‘z o‘rnida umumdavlat va mintaqaviy manfaatlarni uyg‘unlashtirishda, kun tartibidagi masalalarni kollegial hal etishga xizmat qiladi.

Ixtiyor Bekov, TDYUU professori


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!