Senat: "Ruhiy kasallar o‘ta mudhish jinoyatlar sodir etmoqda"

Senat: "Ruhiy kasallar o‘ta mudhish jinoyatlar sodir etmoqda"

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlar dasturi doirasida psixiatriya muassasalarida bemorlarni davolash va parvarishlash sohasida olib borilayotgan ishlar tahlil etildi. 

O‘rganishlar joylarda ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash va ularga o‘z vaqtida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari sust olib borilayotganini ko‘rsatgan. 

— Psixiatriya muassasalarini malakali kadrlar, dori-darmon, oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash borasidagi muammolarni hal etishga kompleks yondashuv mavjud emas, – dedi Senat raisi N.Yo‘ldoshev. – Majburiy davolashda sifat va samaradorlikka erishish uchun hududlararo muassasalar sonini ko‘paytirish, ularni talab darajasida jihozlash va malakali kadrlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari hamda Sog‘liqni saqlash vaziriga yuborgan taklif-tavsiyalarimiz esa, e’tiborsiz qolmoqda. 

Oqibatda ruhiy holatida buzilish mavjud bo‘lgan shaxslar tomonidan mudhish jinoyatlar sodir etilmoqda. 

Joriy yilda respublika bo‘yicha sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan 33 nafar ruhiy kasallar tomonidan qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, nomusga tegish, o‘g‘rilik, bezorilik va boshqa jinoyatlar sodir etildi. 

Birgina Qoraqalpog‘istonda 2 nafar tajovuzkor ruhiy kasal o‘z turmush o‘rtoqlarini hech bir sababsiz qasddan o‘ldirgan. Misol uchun, To‘rtko‘l tumanida yashovchi Niyazimbetov shu yil 26 mart kuni uxlayotgan turmush o‘rtog‘ini hech bir sababsiz boshiga bolta bilan urib, qasddan o‘ldirgan. 

Qoraqalpog‘istonda esa, bunday ruhiy kasallarni majburiy davolash muassasasi mavjud emas. 

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hech bo‘lmaganda Nukus shahridagi 340 o‘rinli ruhiy kasallarni ixtiyoriy davolash muassasasi tarkibida bunday kasallarni majburiy davolashga ixtisoslashgan bo‘lim tashkil etib, bu kabi mudhish oqibatlarning oldini olsa bo‘lar edi. 

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!