Saudiya Arabistoni Isroil rasmiylariga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi

Saudiya Arabistoni Isroil rasmiylariga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud Yevropa davlatlarini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunlarni buzgan isroillik amaldorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi. Bu haqda Yeni Safak xabar berdi.

Diplomat Isroilning G‘azo sektori bilan urushi butun Yaqin Sharq, jumladan, Livan janubiga ham ta’sir qilishidan ogohlantirdi.

“G‘azo sektoridagi vaziyat nafaqat Falastin masalasiga, balki butun mintaqaga ta’sir etadi va Livan janubida sodir bo‘layotgan vaziyatning yanada keskinlashishiga xizmat qiladi. Umid qilamanki, Yevropa ikki davlatning mavjudligi asosida murosaga kelish istiqbollarini saqlab qolishda yanada faolroq rol o‘ynaydi”, — degan u.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari qila oladigan eng minimal narsa Isroilning o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligini qoralashdir.

Shuningdek, u Falastinni davlat sifatida tan olgan Yevropa davlatlarini, shu jumladan Ispaniyani ham tilga oldi. Bu tinchlik jarayonida “juda muhim qadam” ekanini ta’kidladi.

“Biz o‘t ochishni to‘xtatish istiqbollarini ko‘rmayapmiz; gumanitar vaziyatning yomonlashishini ko‘rib turibmiz. G‘azoda xalqaro huquqning asosiy tamoyillari va xalqaro gumanitar huquq har kuni buziladi”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!