AQSh Hizbullohning zaiflashganidan Livanning yangi prezidentini saylashda foydalanmoqchi
Amerika rasmiylarining aytishicha, Oq uy Isroilning Hizbulloh rahbariyati va infratuzilmasiga qarshi ommaviy hujumidan foydalanib, yaqin kunlarda Livanda yangi prezident uchun saylovlar o‘tkazishga erishmoqchi.
Zero, Livan qariyb ikki yildan beri prezidentsiz boshqarilib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatda beqarorlikni kuchaytirib, siyosiy va iqtisodiy inqirozni chuqurlashtirmoqda.
So‘nggi haftalarda Hizbulloh rahbari Hasan Nasrulloh, yuqori darajadagi qo‘mondonlari va boshqa a’zolarining Isroil havo hujumlarida o‘ldirilishi harakatni zaiflashtirgan.
Nasrulloh o‘zining ittifoqdoshi bo‘lmagan Sulaymon Franjyening prezident etib saylanishi uchun bo‘lgan har qanday urinishlariga to‘sqinlik qilib kelmoqda.
Nomzodlardan yana biri Livan qurolli kuchlari qo‘mondoni general Jozef Aun bo‘lib, uni AQSh va Fransiya qo‘llab-quvvatlaydi. Livan Qurolli Kuchlari mamlakatdagi urushdan keyingi har qanday kelishuvda asosiy o‘yinchi bo‘ladi.
Nasrulloh o‘lgan va Hizbulloh so‘nggi yillardagi eng zaif darajaga tushgan paytda Bayden ma’muriyati harakatning Livan siyosiy tizimiga ta’sirini keskin kamaytirish va shia qarshiligi bilan ittifoqdosh bo‘lmagan yangi prezidentni saylash imkoniyati bor deb hisoblaydi, dedi ikki AQSh rasmiysi.
Livan siyosiy tizimi turli diniy mazhablar o‘rtasidagi hokimiyat taqsimotiga asoslangan. Prezident lavozimini esa nasroniy diniga mansub nomzod egallaydi.
2022 yil oktyabr oyi oxirida Hizbulloh bilan yaqin aloqada bo‘lgan sobiq prezident Mishel Aunning vakolat muddati tugadi. O‘shandan beri Livan parlamenti yangi prezident nomzodi bo‘yicha konsensusga erisha olmayapti.
AQSH, Fransiya va bir qancha arab davlatlari, jumladan Saudiya Arabistoni va Qatar ikki yil davomida mamlakatning turli siyosiy partiyalari o‘rtasida murosaga kelish uchun vositachilik qilishga urindi, ammo deyarli har bir tashabbus Hizbulloh tomonidan barbod qilindi.
“Biz Livan hukumati tizimdagi nosozlikni yengib o‘tishi kerakligini hamda ushbu nosozlik aybdori Hizbullohning keyingi prezident kim bo‘lishi masalasiga veto qo‘ygani ekaniga ishonamiz. Bu haqiqat bo‘lib qolmoqda”, - dedi payshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller.
Ikki amerikalik mulozimning aytishicha, Oq uy Livandagi mavjud vaziyatni mamlakatdagi prezidentlik saylovlari bo‘yicha boshi berk ko‘chadan chiqish uchun imkoniyat sifatida ko‘radi hamda bu Isroil va Hizbulloh o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlardan ham ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.