Samarqandda yig‘ilgan olomon rostdan ham "Tolibon"ning muxlislari edimi?

Samarqandda yig‘ilgan olomon rostdan ham "Tolibon"ning muxlislari edimi?

Shu yilning 25 iyulidan e’tiboran O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va bir guruh yurtimiz ulamolari Samarqand viloyatida mo‘min-musulmonlar bilan yaqindan muloqot qilish hamda jome masjidlarda namozxonlarga mav’iza qilish maqsadida, ushbu viloyatning turli hududlarida bo‘ldilar.

Mazkur safar davomidagi aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar, masjid qavmlari ila ma’rifiy suhbatlar hamda xalqimizning diyorimiz imomlari, xususan, Muftiy hazratlariga bo‘lgan hurmat-ehtiromlari ko‘pchilikni mamnun etdi. Bunday lahzalar ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali ham keng yoritildi.

Mana shunday fayzli suhbatlardan biri shu yil 29 iyul kuni Samarqand shahrida joylashgan "Namozgoh" masjididagi juma namoziga yig‘ilgan katta jamoat bilan bo‘ldi. Ushbu jomedagi mav’izadan ta’sirlangan masjid qavmi yakunda Muftiy hazratlarining duolarini olish uchun yo‘l yoqasiga qadar to‘p-to‘p bo‘lib, kuzatib bordilar.

Lekin ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qayd etganimizdek, Muftiy hazralarini ziyorat qilishga intilgan mo‘min-musulmonlarni go‘yoki “Afg‘oniston Muvaqqat hukumati vakillari (“Tolibon”) muxlislari”, deya asl vaziyatdan odamlarni chag‘itishga urinib, ijtimoiy tarmoqlarda turli izohlar yozganlar.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Toshkent shahrida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegasiyasi ham mazkur juma namozida qatnashdi.

Ta’kidlash kerakki, e’lon qilingan ijtimoiy tarmoq materiallaridan yaqqol namoyon bo‘lmoqdaki, mo‘min-musulmonlar Muftiy hazratlarini ziyorat qilish va u kishining duolarini olib qolishga intilganlar.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bunday izohlarni yozmaslik va ularni tarqatmaslikni iltimos qilamiz.

Aholi orasida asossiz ma’lumotlarni tarqatish Islom dini ta’limotlariga ko‘ra, gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini eslatib o‘tamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!