Afg‘onistondan olib kelingan giyohvandlik vositasi to‘xtatib qolindi
Afg‘onistondan kontrabanda qilinib, Buxoro shahri hududiga yashirib ketilgan sof vazni 4 kg 715 g bo‘lgan «opiy» moddasini xufiya joydan olgan ikki shaxs qo‘lga olindi.
Bu haqda DXX xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, «Buxoro – Qorako‘l» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Jentra» rusumli avtotransport vositasi Jondor tumani hududida to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, Qorako‘l tumanida yashovchi, 1969 yilda to‘g‘ilgan shaxs va 1973 y.t. xorijiy davlat fuqarosi ketayotgan avtomashina salonida sof vazni 4 kg 715 g bo‘lgan «opiy» moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular ushbu ajal og‘usini muqaddam narkokurerlar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda qilinib, Buxoro shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olishgan.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish...) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Qonunchilikka muvofiq, bunday jinoyatlar sodir etgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishlari mumkin.
