«Platinali» xavfsizlik: AQSh Ukraina uchun urushga kirishga majbur bo‘ladimi?
So‘nggi kunlarda AQSh va Ukraina o‘rtasida Berlinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar ortidan «platinali xavfsizlik kafolatlari» degan ibora xalqaro siyosat kun tartibining markaziga chiqdi. Xo‘sh, bu kafolatlar nima degani? Ular Ukrainaga NATO a’zoligiga teng himoya beradimi? Va eng asosiysi — agar Rossiya yana Ukrainaga hujum qilsa, AQSh avtomatik ravishda urushga kirishga majbur bo‘ladimi?
Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Ukrainaga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda. Bu kafolatlar shartli ravishda «platinali» deb atalmoqda — ya’ni oltindan ham yuqori darajadagi siyosiy va harbiy majburiyatni anglatadi.
Muhimi, bu – Ukraina NATOga rasman a’zo bo‘ladi degani emas, ammo xavfsizlik kafolatlari NATO a’zolari uchun amal qiladigan tamoyillarga yaqin bo‘ladi. Qolaversa, AQSh Ukrainaga hujum qilingan taqdirda, befarq qololmaydi.
NATO nizomining 5-moddasiga ko‘ra, agar alyans a’zolaridan biriga hujum qilinsa, bu barchaga qilingan hujum deb hisoblanadi. Biroq ko‘pchilik o‘ylaganidek, bu barcha davlatlar avtomatik ravishda urushga kirishadi degani ham emas.
Ushbu moddada har bir davlat jabrlangan tomonga o‘zi zarur deb hisoblagan yordamni ko‘rsatishi mumkinligi aytilgan. Bu yordam esa qurolli kuch ishlatishni ham, boshqa choralarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Aniqroq aytilsa, «platinali» kafolat ortidan AQSh Ukraina uchun urushga kirish majburiyatini olmaydi, ammo muhim jihat bor: bunday hollarda AQSh albatta javob qaytarishi shart bo‘ladi. Bu javob harbiy, siyosiy, iqtisodiy va yoki harbiy-texnikaviy choralar bo‘lishi mumkin.
Bu kafolatlar, avvalo, Rossiyani tiyib turish uchun kerak. Agar Rossiya Ukrainaga qayta hujum qilsa, AQShning aralashish ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Bu ehtimolning o‘zi Moskva uchun jiddiy xavf hisoblanib, Rossiya AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini hisobga olishga majbur bo‘ladi.
Shuning uchun bu kafolatlar urush chiqishi uchun emas, urushning oldini olish uchun taklif qilinmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Zelenskiy uchun bu kafolatlar siyosiy jihatdan juda muhim. Ya’ni bu ehtimoliy hududiy murosani (ayniqsa Donbass masalasida) jamiyatga – «biz yer berdik, lekin xavfsizlik oldik» degan argument bilan tushuntirishda hamda kafolatlar, shuningdek, Ukraina tiklanishi va Yevropa Ittifoqiga integrasiyasida muhim hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda «platinali xavfsizlik kafolatlari» – NATO a’zoligi bo‘lmasa-da, lekin unga juda yaqin mexanizm va bu Rossiya uchun jiddiy tiyib turuvchi omil.
