Samarqandda bir guruh rahbarlar jazolandi

Samarqandda bir guruh rahbarlar jazolandi

Samarqandda bir guruh rahbarlarga intizomiy choralar ko‘rildi, deb xabar qildi hokimlik matbuot-xizmati.

Viloyat hokimligida o‘tgan yig‘ilishda fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jami 37241 nafar fuqarolar tomonidan murojaatlar kelib tushganligi, shu bilan birga ushbu murojaatlarning 10025 tasi ijro muddati komissiyalari tomonidan kechiktirilgani aytildi.

Shahar va tuman mas’ullarining hisoboti eshitilib, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar sohalar kesimida ko‘rsatib o‘tildi.

Belgilangan talablarga muvofiq o‘z muddatida murojaatlarni o‘rganib chiqmaganliklari bois ko‘plab rahbarlar eng kam oylik ish haqining besh barobari miqdorida Davlat xizmatlari markazi tomonidan jarimaga tortilishiga xulosa qilindi.

Xususan, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining xo‘jalik hisobidagi Yermulkkadastr xizmati DUK hamda uning Samarqand shahar, Urgut, Pastdarg‘om, Samarqand, Oqdaryo, Ishtixon, Paxtachi, Qo‘shrabot, Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy va Toyloq tuman filiallari rahbarlariga nisbatan ushbu chora qo‘llanildi.

Shuningdek, Samarqand va Ishtixon tumanlari Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokorlari, Urgut va Nurobod tumanlari ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi rahbarlari, Samarqand tumani va Samarqand shahar DSI boshliqlari, shuningdek, Samarqand va Urgut tumanlari davlat yong‘in nazorati organlari rahbarlari ham jazolangan rahbarlar safidan o‘rin oldi.

Viloyat hokimligi tomonidan bir haftalik muddatdan so‘ng ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar yana bir bora tanqidiy muhokama etilishi belgilandi.

Manba: asr.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!