Samara viloyatida to‘plangan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun 15 ta avtobus yo‘lga chiqdi

Samara viloyatida to‘plangan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun 15 ta avtobus yo‘lga chiqdi

Rossiyaning Samara viloyatida O‘zbekistonga qaytish maqsadida Qozog‘iston bilan chegara hududida to‘plangan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Rossiyadagi fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish jarayonini yanada tezlashtirish, birinchi navbatda og‘ir ahvolda qolgan fuqarolarni imkon qadar tezroq O‘zbekistonga olib kelish maqsadida Rossiyaning tegishli vazirlik va idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida repatriasion charter reyslarining sonini bir necha marotabaga ko‘paytirishga erishildi. Shu bilan birga mamlakatning turli hududlariga muntazam ravishda maxsus temir yo‘l qatnovlari ham tashkil etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Respublika maxsus komissiyasi, Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, DXX Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozog‘iston va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalarining sa’y-harakatlari bilan ayni damda O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaraoldi hududi, Samara viloyatida to‘planib qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish maqsadida maxsus avtobus qatnovi tashkil etilmoqda.

Mazkur avtobus qatnovlari Transport vazirligi huzuridagi «Uzautotrans service» korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon 23 sentyabr kuni Rossiyaning Samara viloyatiga yo‘lga chiqdi. Ushbu qatnov barcha sanitariya qoidalari hamda Qozog‘iston va Rossiya tomonidan qo‘yilgan talablarga qat’iy amal qilgan holda bajarilmoqda.

Qatnovni bajarishga jalb etilgan 40 nafar haydovchining barchasi yo‘lga chiqishdan avval koronavirusga test topshirdi. Laboratoriya tahlili natijalaridan so‘ng ularga tegishli ma’lumotnoma berildi. Shundan so‘ng, tashuvlar xavfsizligini ta’minlash va qatnov davomida nimalarga e’tibor berish lozimligi yuzasidan yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Rejaga muvofiq avtobuslar 25 sentyabr kuni belgilangan manzilga yetib boradi. Shu kunning o‘zida avtobuslar 700 dan ortiq yo‘lovchini olib O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqadi.

Transport vazirligi hozirda Rossiyaning turli hududlaridan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lib turgan fuqarolardan ommaviy ravishda Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaraoldi hududlariga to‘planmasliklarini so‘ragan. «Bu kabi holatlar hozirgi qaltis epidemiologik vaziyatning yanada murakkablashuviga, kasallik yuqtirib olish xavfining ortib ketishiga va eng yomoni — yurtdoshlarimizni vatanga olib kelish maqsadida katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi vazirlik xabarida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!