Rossiyada xorijlik fuqarolarni migrasion qayddan o‘tishini qat’iylashtiruvchi qonun kuchga kirdi

Rossiyada xorijlik fuqarolarni migrasion qayddan o‘tishini qat’iylashtiruvchi qonun kuchga kirdi

Rossiya Federasiyasida 10 avgustdan boshlab qabul qiluvchi tomon agar u ko‘rsatib o‘tilgan manzilda ortiq yashamayotgan bo‘lsa xorijiy fuqaroni migrasion hisobdan chiqarishi shartligini belgilovchi federal qonun kuchga kirdi.

«Nevskiye novosti» nashrining yozishicha, endi yuridik va jismoniy shaxslar nafaqat migrantni qayddan o‘tkazish uchun, shuningdek, agar u yashash joyini tark etsa, masalan, bir kvartiradan ikkinchisiga ko‘chib o‘tsa uni qayddan chiqarish uchun mas’ul bo‘lishadi.

Qayd etish joizki, ilgari qabul qiluvchi tomon xorijlik fuqaroni qayddan chiqara olmas edi va qayd muddati tugagunga qadar unda saqlanib qolar edi.

Yangi qonun kuchga kirgunga qadar qayddan chiqarish uchun bor-yo‘g‘i to‘rt sabab asos bo‘la olar edi:

  • xorijlik fuqaroning mamlakatdan chiqib ketishi;
  • uning Rossiyada vafot etishi;
  • Rossiya Federasiyasida bo‘lib turgan xorijlik fuqaroning sud tomonidan dom-daraksiz ketgan deb topilgani haqidagi qarori qonuniy kuchga kirishi;
  • uning Rossiya fuqaroligini qabul qilishi.

«Endi esa beshinchi punkt ham qo‘shildi va migrasion qayddan chiqarish uchun migrantning yashash joyidan chiqib ketishi ham asos bo‘la oladi. Ilgari ish beruvchi/ijaraga qo‘yuvchi uni qayddan chiqara olmas, biroq xorijlik fuqaro uchun mas’ul hisoblanardi», — deya tushuncha bergan Sankt-Peterburg migrasiya mutaxassislari maktabi direktori, ekspert Dmitriy Kovalenko.

Hisobdan chiqarish jarayoni xorijlik fuqaroning yangi manzilga ko‘chib o‘tgani haqidagi bildirishnomaga o‘xshash bo‘lishi ehtimoli yuqori, deyishmoqda maktabdagilar. Biroq hozircha na shakl va na muddatlarga aniqlik kiritilgan.

Yangilik ish beruvchilar uchun ayrim tashvishlarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki ular endi xorijlik fuqaroning chiqib ketgani haqida bildirish berishlari kerak. Bu esa qo‘shimcha vaqt va kuchlarni talab etadi. Eslatib o‘tamiz, ish beruvchi o‘z ishchilariga turar joy taqdim eta olsagina qabul qiluvchi tomon bo‘la oladi, ya’ni migrant kompaniya hududidagi xo‘jalik binolarida, vagonlarda yoki alohida xonalarda yashashi mumkin yoki kompaniya uning uchun alohida kvartira (xona) ijaraga olishi mumkin.

Agar ish beruvchi sobiq ishchisini migrasion hisobdan chiqarmasa unga har bir migrant uchun 400 mingdan 500 ming rublgacha bo‘lgan jarima solinishi mumkin. Kvartira egasi ham migrantni hisobga qo‘ymasa yoki (10 avgustdan boshlab) hisobdan chiqarmasa jarima to‘laydi. Jarima miqdori 2–5 ming rublni tashkil etadi.

«Ilgari faqat bir necha muassasa xorijlik fuqaro chiqib ketganidan so‘ng qaydni bekor qilar edi. Bular kasalxonalar, xostellar, mehmonxonalar va yotoqxonalar edi. Oldingi qonun bo‘yicha aksariyat xorijliklar himoya qilinmagan edi. Ayniqsa, bitta kvartirada qayddan o‘tib, aslida boshqa joyda yashashga o‘rganganlar. Bu variant avval ham noqonuniy hisoblanar edi, lekin bu qadar kuchli nazorat ostida emas edi. Endi xorijlik fuqaro o‘zi yashayotgan kvartira egasiga biroz bog‘langan bo‘ladi. Agar u chiqib ketsa, u yangi qabul qiluvchi tomon topishga majbur bo‘ladi», — degan nashrga xorijiy xodimlar uchun migrasiya hujjatlarini rasmiylashtirishga ixtisoslashgan «Alyans – Trudovaya Migrasiya» kompaniyasidagilar.

10 avgustdan boshlab qabul qiluvchi tomonning majburiyatlari kengayishi bilan bir qatorda xorijlik fuqaro ham o‘zining qonuniy migrasiya hisobiga qo‘yilishi haqida bosh qotirishga majbur bo‘ladi, chunki u ham mamlakat hududida bo‘lib turish muddatlarini buzganlik uchun mas’ul bo‘ladi va deportasiyaga duchor bo‘lishi yoki mamlakatga kirish uchun 3 yildan 10 yilgacha taqiqqa uchrashi ham mumkin. Bu holda xorijiy fuqaro uni migrasiya hisobidan chiqarishganidan bexabar ham bo‘lishi mumkin. Ekspertlar qonun bilan bog‘lik muammolarga duch kelmaslik uchun yangi joyga ko‘chib o‘tilganidan so‘ng darhol qayddan o‘tishni maslahat berishmoqda.

Ekspertlarning fikricha, ish beruvchilar va kvartiralar egalari yangi tartibni suiiste’mol qilib, qandaydir ma’noda xorijlik fuqaroning «taqdirini hal qilish» holatlariga ham ko‘payishi mumkin.

«Federal qonunning kuchga kirishi bilan ayrim vijdoni pok bo‘lmagan fuqarolar va ish beruvchilar xorijlik fuqaroni ro‘yxatga qo‘yish rasmiylashtirilganidan so‘ng, unga bildirmasdan darhol qayddan chiqarishi ham mumkin. Shu sababli yangi chora migrantlar uchun zararga ham ishlashi mumkin», — degan «Alyans – Trudovaya Migrasiya» kompaniyasi mutaxassisi Yuliya Pakina.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!