Rossiyada soxta nikoh qurgan migrantlarga chora ko‘rilishi ma’lum qilindi
Rossiya Davlat dumasi deputatlari muhojirlarning soxta nikohi, otalik va onaligiga qarshi kurashga qaratilgan qonunni uchinchi, yakuniy o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Duma spikeri Vyacheslav Volodinga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Endilikda kvotadan tashqari vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash guvohnomasini nikohdan o‘tgan yoki farzandlikka olgan paytdan kamida uch yil o‘tgach olish mumkin bo‘ladi. Majlisda ishtirok etgan barcha deputatlar qonunni yoqlab ovoz bergan.
“Rossiya federasiyasidan chiqish va Rossiya federasiyasiga kirish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Rossiya federasiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Agar nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilsa, berilgan ruxsatnoma bekor qilinadi. Agar muhojir sud qaroriga ko‘ra ota-onalik huquqidan cheklansa yoki mahrum qilinsa yoxud farzandlikka olish bekor qilinsa, xuddi shunday tartib qo‘llaniladi.
Migrasiya siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Avval (Davlat dumasida) muhokama qilingan yana oltita qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda, dedi Volodin.
U 2021 yildan buyon Rossiyada yashash guvohnomasini olish maqsadida 4,3 mingdan ortiq soxta nikoh qayd etilganini aytdi. Qonunning qabul qilinishi firibgarlik yo‘li bilan yashash guvohnomasi va fuqarolik olishning oldini olishi kutilmoqda.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi 18 sentyabr kuni qariyb 6,2 million chet el fuqarosi migrasiya hisobida turganini ma’lum qilgandi. Iyun oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin mamlakatdagi muhojirlar soni 13-14 million atrofida ekanini aytgan.