Rossiya TIV hibsdagi Pavel Durov oldiga diplomatlar kiritilishini talab qildi

Rossiya TIV hibsdagi Pavel Durov oldiga diplomatlar kiritilishini talab qildi

Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi 25 avgust kuni Parij aeroportida qo‘lga olingan Telegram asoschisi Pavel Durov oldiga konsullik xodimlarini kiritishni talab qildi. Bu haqda Meduza yozdi.

«Hozircha Fransiya tomoni bu masala bo‘yicha o‘zaro aloqadan qochmoqda», deyiladi elchixona bayonotida.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova «Rossiya 24» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, diplomatlar Durovning hibsga olingani haqida xabar topgan zahoti darhol fransuz tomoni bilan bog‘lanishgan.

«Muammo shundaki... Pavel Durov Fransiya fuqaroligiga ega. Shunga ko‘ra, Parij uchun, Fransiya uchun u birinchi navbatda o‘z fuqarosi», dedi Zaxarova.

Rossiya elchixonasining qo‘shimcha qilishicha, ular Pavel Durovning advokati bilan aloqada. Uning manfaatlarini fransuz advokati himoya qilmoqda.

Fransuz matbuoti xabariga ko‘ra, Durov terrorizm, giyohvandlik, firibgarlik, pul yuvish, o‘g‘irlangan tovarlarni sotish va bolalarga nisbatan jinsiy tajovuz bilan bog‘liq jinoyatlarda, jumladan, Telegram bu jinoyatlarga oid kontentni moderasiya qilmaganlikda ayblanishi mumkin. Unga 20 yillik qamoq jazosi tahdid qilmoqda.

Pavel Durov bir necha davlat, xususan, Rossiya, Sent-Kits va Nevis, Fransiya va BAA fuqaroligiga ega.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!