Rossiya ikkita muhim xalqaro tashkilot safidan chiqmoqchi

Rossiya ikkita muhim xalqaro tashkilot safidan chiqmoqchi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat Dumasiga Jahon savdo tashkiloti (JST) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan (JSST) chiqish bo‘yicha takliflar yubordi. Bu haqda Davlat Dumasi raisi o‘rinbosari Pyotr Tolstoy Federasiya kengashida ma’lum qildi, deya xabar berdi “Parlament gazetasi”.

Qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirligi Davlat Dumasiga Rossiyaning xalqaro tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalari ro‘yxatini ularni ehtimoliy denonsasiya qilish uchun yuborgan.

“Menimcha, bu muhim - Rossiya Yevropa Kengashidan chiqdi, endi keyingi qadam mamlakatimiz oldidagi majburiyatlarini e’tiborsiz qoldirgan JST va JSSTdan chiqishdir”, degan siyosatchi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Davlat Dumasi Federasiya Kengashi bilan birgalikda tahlil qilib, ushbu tashkilotlar bilan tuzilgan xalqaro shartnomalardan voz kechishni taklif qilishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, mart oyida Rossiya endi Yevropa Kengashi ishida qatnashmasligini va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasini denonsasiya qilishini, shundan so‘ng rossiyaliklar Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qila olmasligini ma’lum qilgan edi. 16 mart kuni Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasi Rossiya Federasiyasini 26 yildan beri a’zo bo‘lgan ushbu tashkilotdan chiqarib yubordi.

16 may kuni Davlat Dumasiga ko‘rib chiqish uchun qonun loyihasi kiritildi. Unga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining 2022 yil 16 martdan keyin chiqarilgan qarorlari Rossiyada ijro etilishi mumkin emas.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!