Rojdestvo sovg‘asi! Italiya, Belgiya, Irlandiya va Germaniyada karantin yumshatiladi

Rojdestvo sovg‘asi! Italiya, Belgiya, Irlandiya va Germaniyada karantin yumshatiladi

Evroittifoqning bir nechta davlati Rojdestvo bayramlari arafasida o‘z hududlarida amal qilayotgan karantin choralarini yumshatishga qaror qildi.

Italiya hukumatining e’lon qilishicha, 29 noyabrdan boshlab koronavirusdan, ayniqsa, kuchli jabr ko‘rgan «qizil» hududlar — Lombardiya, Pyemont va Kalabriya «sariq» hudud deb o‘zgartiriladi (bu epidemiologik xavfning pastroq darajasi). Karantin choralarining yumshatilishi haqida Belgiya, Irlandiya va Germaniya ham ma’lum qildi.

Italiyada Lombardiya, Pyemont va Kalabriya aholisi o‘z munisipalitetida 5:00 dan 22:00 gacha yana erkin harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ishga, shifokor ko‘rigiga borish yoki bolalarni maktabga olib borish uchun viloyat ichida safarga chiqishga ham ruxsat beriladi. Savdo markazlarining qayta ochilishiga ruxsat beriladi, ammo bar, restoran va non do‘konlari yopiq qoladi.

Irlandiya hukumati ham Rojdestvo bayramlari davrida bir qator muassasa va korxonalar uchun cheklovlarni yumshatishga qaror qildi. Masalan, 1 dekabrdan do‘kon, muzey, badiiy galereya va kutubxonalar gigiyena qoidalari va ijtimoiy masofaga rioya qilish sharti bilan ochiladi. 4 dekabrdan esa restoran va barlar ham ishlashni boshlashi mumkin.

Belgiya bosh vaziri Aleksander de Kroo ham Rojdestvo bayramlari chog‘ida do‘konlarni ochishga va’da berdi. «Mamlakatimizda vaziyat yaxshilanmoqda. Ammo shu yo‘nalishda davom etishimiz muhim», — dedi u televideniye orqali murojaatida. Bu esa Belgiyada qisman lokdaun rejimi saqlanishini bildiradi.

Germaniyada 23 dekabrdan 1 yanvargacha, ya’ni Rojdestvo bayrami va Yangi yil arafasi nishonlanadigan davrda qoidalar biroz susaytiriladi. Shaxsiy uchrashuvlarda uy xo‘jaliklari sonidan qat’i nazar, ko‘pi bilan 10 kishi qatnasha oladi. Shuningdek, hukumat mushakbozlik qilishdan voz kechishni tavsiya etdi hamda ularni gavjum maydon va ko‘chalarda taqiqladi. Hukumat kompaniyalarni shu davrda o‘z xodimlarini masofadan ishlashga o‘tkazishga chaqirdi. Germaniya tog‘-chang‘i kurortlari 10 yanvargacha yopiq bo‘ladi.

Ayni paytda Germaniyada 2 noyabrdan buyon amal qilib kelayotgan cheklovlarning aksariyati saqlanib qoladi. Mamlakatda restoran, bar, teatr, kinoteatr, trenajyor zallari, sport seksiyalari, bordellar, massaj salonlari hamda ko‘ngilochar va xizmat ko‘rsatish sohasidagi boshqa ko‘pchilik korxonalar yopiq qoladi.

Ba’zi ehtiyot choralari hatto kuchaytirildi. Xususan, endi nafaqat jamoat transporti, do‘kon va savdo ko‘chalarida, balki deyarli barcha yopiq jamoat joylarida, shaharlarning markaziy hududlarida va maktablarda ham (7-sinfdan boshlab) niqob taqish majburiy bo‘ldi.

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada qisman lokdaun mamlakatning katta qismida kamida yanvar o‘rtalarigacha amal qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!