Reseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxati yangilanadi
Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz iste’mol qilinsa, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ammo yana shunday preparatlar mavjudki, ularni dorixonalardan hech qanday cheklovlarsiz, ya’ni reseptsiz xarid qilsa bo‘ladi.
Ammo shu yilning iyul oyidan Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati keskin kamaytirilgach, iste’molchilarning tashvishiga tashvish qo‘shildi. Ya’ni monopreparatlar pozisiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar ro‘yxati esa 118 taga qisqarib ketdi.
Oqibatda reseptsiz ham berilishi mumkin bo‘lgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yo‘l bosib, vaqt yo‘qotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur bo‘lmoqda. Bordi-yu, qo‘shimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani olgach, vrach huzuriga takror kirib resept yozdirib olishiga to‘g‘ri kelyapti.
Bunday ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmasevtika kompaniyalarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Negaki, qonunchilik talablariga ko‘ra, resept asosida beriladigan preparatlarni targ‘ibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi ma’lumotlardan xabardorligini cheklamoqda.
Masalan, tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilsa bo‘ladi. Bizda esa buning uchun resept so‘ralyapti.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga yechim topish uchun kelib tushayotgan e’tiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda amalda bo‘lgan Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bekor qilib, uni yangilash bo‘yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Unga muvofiq, reseptsiz beriladigan preparatlar ro‘yxati kengaytirilmoqda.
Yangi buyruq yaqin kunlarda regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yiladi va Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingach, kuchga kiradi.
