Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning mehribonliklari

Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning mehribonliklari

Hunayn kuni. Alloh Rasuliga Havozin o‘ljalarini nasib qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurayshlik kishilarga undan bera boshladilar. (Qurayshliklardan biriga) yuz tuya berdilar. Shunda ansoriylardan ba’zilari: “Rasulullohni Alloh mag‘firat qilsin-u, Qurayshga berib, bizni tark qilmoqdalar!” – deyishdi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yetib keldi. Barcha ansoriy sahobalarni Makkadan uzoqroqdagi bir vodiyga jamladilar va ularga xutba qilib, mehru muhabbatga, mehr-shafqatga yo‘g‘rilgan nafis so‘zlarni zikr qildilar. Qani endi, shu so‘zlarni har bir musulmon yodlab olsa, men buni juda xohlar edim. Allohga hamdu sano aytib, keyin: “Ey ansorlar jamoasi! Menga sizlardan nega bunday xabar kelmoqda?! Sizlarni adashgan holingizda topmadimmi, Alloh men tufayli sizlarni hidoyat qildi-ku?! Bo‘linib har tomonga tarqalgan edingiz, men tufayli sizlarni ulfat-hamjihat qildi-ku?! Kambag‘al edingiz, men sababli boy bo‘ldingiz-ku?!” – dedilar. Shunda Ansorlar: “Ha, rost, to‘g‘ri aytdingiz, Alloh va Rasuli minnat qilishga loyiqiroq!” – deyishdi.

Mustafo sollallohu alayhi va sallam bir muddat to‘xtab turib: “Menga javob bermaysizlarmi?” – dedilar. “Javob berdik, yo Rasululloh, rost. To‘g‘ri aytdingiz, Alloh va Rasuli minnat qilishga loyiqroq”, – deyishdi.

Shunda Rasululloh: “Sizlar xohlasangiz, mana bunday deb aytsangiz, to‘g‘ri aytgan va (boshqalar ham) sizlarni to‘g‘ri degan bo‘lardi: “Bizning oldimizga (yurtingizdan) quvilib kelgan edingiz, biz boshpana berdik, yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizni rost deb bildik, kambag‘al holingizda kelgan edingiz, biz yupatib taskin berdik!” – aytinglar, aytaveringlar (men roziman). “Agar shunday desangiz (haqingiz bor), to‘g‘ri aytgan va (boshqalar ham) sizlarni to‘g‘ri degan bo‘ladi!” – dedilar. Shunda ansorlar: “Yo‘q. Yo‘q, minnat qilishga Alloh va Rasuli haqliroq”, – deyishdi.

Keyin Rasululloh yana ularga yuzlanib: “Ey ansorlar jamoasi! O‘zingizga berilgan dunyo (boyligi)ni oz deb bildingizmi, men ularning qalbini ulfat qilib Islomga kiritish uchun bergan va sizlarga esa Islomingizni topshirgan edim! Odamlar (uylariga) qo‘y va tuyalar bilan ketganida, sizlar o‘z chodirlaringizga Rasululloh bilan birga ketishingizga rozi emasmisizlar?! Allohga qasamki, sizlar olib qaytayotgan narsa ular olib qaytayotgan narsadan yaxshidir!

Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar Madina safari bo‘lmaganida, men ham ansorlardan biri bo‘lar edim. Odamlar (choponimning)avrasidir, ansorlar esa astaridir (kiyimning astari odamga yaqin turganidan ansorlarni ham o‘ziga yaqin olib aytganlar).

Yaqinda nishonasini topasizlar, sabr qilinglar, hatto men bilan Havz (Kavsar)da uchrashasizlar!” – dedilar. Keyin: “Allohim, ansorlarni rahm qil va ularning bolalarini rahm qil va bolalarining bolalarini rahm qil!” – deb duo qildilar.

Bu nafis so‘zlardan barcha odamlar yig‘ladilar, ko‘zlarining yoshlari sabab soqollari ho‘l bo‘lib ketdi. Ushbu xutba va bu so‘zlar ortidan sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mehribonliklarini his qilish uchun bu gaplarni har bir musulmon tushunishga, yod olishga va takrorlab yurishga harakat qilishi kerak.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!