Qur’on – manmanlik illatiga shifo
Manmanlik insonni yaxshilikdan mahrum etadi. Chunki burni osmonda kimsa odamlarni nazarga ilmay ko‘p yaxshilikdan quruq qoladi. Eng yomoni, mutakabbir shaxs Allohning g‘azabiga yo‘liqadi. Alloh manman kimsalarni yomon ko‘radi: Ilohingiz yagona ilohdir. Oxiratga imon keltirmaydigan kimsalar ko‘ngillari (Allohning yagonaligini) inkor etadi, (ularning) o‘zlari mutakabbir kimsalardir. Shak-shubhasiz, Alloh ularning yashiradigan narsalarini ham, oshkor etadigan narsalarini ham biladi. Albatta U Zot mutakabbir kimsalarni sevmaydi ( Nahl surasi, 22-23-oyatlar).
Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U ibodat qilishga eng munosib Zotdir. Ammo kofirlar Allohning vahdoniyatini qabul etmaydilar. Chunki oyoqlari yerdan uzilgan. Alloh ularning dillari kibrga to‘la ekanini, ne’matlarga nonko‘rlik qilayotganlarini biladi. Qiyomatda shunga yarasha jazo beradi. Zero, Alloh odamlarga past nazar bilan qaraydigan kimsalarni yoqtirmaydi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: Qalbida zarra miqdoricha imoni bor banda do‘zaxga kirmaydi. Qalbida zarra miqdoricha kibr bor banda jannatga kirmaydi .
Bu nima degani? Imonda sobitqadam bo‘lish, e’tiqodini ko‘z qorachig‘idek asrash, qalbni kibrdan poklash kerak degani.
Inson hech qachon: Men hammadan zo‘rman , demasin. Odamlar dilini siyoh qilishda zo‘r bo‘lmasin, gunoh qilishda zo‘r bo‘lmasin, odamiylikda zo‘r bo‘lsin, ibodatda, poklikda, halollikda zo‘r bo‘lsin! Zo‘rman! deb ko‘krak kergan, dunyoga ustun bo‘lishni istaganlarning hech biri zo‘r bo‘lolmadilar.
Qur’on o‘qigan odam kibr naqadar yomon illat ekanini tushunadi, undan qutulishga harakat qiladi. Qur’onda kamtar insonlar maqtalgan, ular qanday ulug‘ fazilat sohibi ekanlari aytilgan. Shularni mulohaza qilgan inson kamtarin zotlarga havas qiladi, ularga o‘xshashga intiladi.
Qur’onda Fir’avn, Homon, Qorun, Namrud kabi kimsalar kibr tufayli qay ko‘yga tushganlari o‘ta ta’sirchan ifodalangan. Bundan voqif bo‘lgan kishi kibr otiga minmaydi, kamtarlik libosini kiyadi. Zero, kamtarlik insonning asl tabiatiga xos xislatdir.
Manba: azon.uz
