Qo‘qon shahrining rivojlanish imkoniyatlari qanday?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan Qo‘qon shahrining raqobat ustunliklari aniqlandi.
Farg‘ona vodiysining g‘arbiy qismida joylashgan Qo‘qon shahri Buyuk ipak yo‘lidagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi. Shahar XVIII asrda Qo‘qon xonligining poytaxtiga aylangan va jahon miqyosida shuhrat qozongan. Shaharda qadimdan hunarmandchilik rivojlangan bo‘lib, uni hunarmandlar shahri, deb ham atashadi.
Farg‘ona viloyati bo‘yicha eng ko‘p kichik sanoat korxonalari Qo‘qon shahrida joylashgan (1500 dan ortiq). Xususan, yengil sanoat sohasida viloyatdagi kichik sanoat korxonalarining 21,4 foizi, charm poyabzal-mahsulotlari sanoati korxonalarining 22,3 foizi, elektr-maishiy tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning 24,1 foizi, dori-darmon sanoati korxonalarining 20,9 foizi Qo‘qon shahrida faoliyat olib bormoqda.
Xizmatlar sohasining rivojlanishi bo‘yicha ham Qo‘qon shahri Farg‘ona viloyati hududlari orasida yetakchi. So‘nggi 5 yilda shaharda xizmatlar sohasi 1,8 barobar o‘sdi va hozir viloyat miqyosida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning umumiy hajmida Qo‘qon shahrining hissasi 17 foizdan ortiq.
Tarixan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Qo‘qon bugungi kunda ham savdo sohasida o‘z mavqeini saqlab qolgan. Farg‘ona viloyati tashqi savdosining 20,6 foizi, xususan, eksportining 22,3 foizi, importining 19,4 foizi Qo‘qon shahrining hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, shaharda 8 ta bozor faoliyat yuritadi. Viloyatdagi chakana savdo tovar aylanmasining 18 foizdan ortig‘i Qo‘qon shahrida amalga oshiriladi.
Xonlik poytaxti sifatida ilm-fan va ta’lim markazi bo‘lgan Qo‘qonda bugungi kunda ham bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyatidagi 11 ta oliy ta’lim muassasasidan 4 tasi Qo‘qonda joylashgan bo‘lib, ularda viloyatdagi talabalarning ¼ qismidan ortig‘i tahsil oladi.
Qo‘qon shahri xorijiy va mahalliy turistlar uchun yanada jozibador maskanga aylanib bormoqda. Jumladan, 2021-yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo‘yicha vazirlari 6-yig‘ilishida Qo‘qon shahri Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb e’lon qilingan. Shuningdek, shaharda har ikki yilda bir marta xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi.
Raqobat ustunliklari tahlili kelajakda Qo‘qonni ijodiy, innovasion iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yetakchi hudud va xalqaro savdo shahriga aylantirish imkoniyati yuqoriligini ko‘rsatdi.