Qirg‘iziston prezidentining jiyaniga dabdabali Marry me qilgan yigit qo‘lga olindi

Qirg‘iziston prezidentining jiyaniga dabdabali Marry me qilgan yigit qo‘lga olindi

Qirg‘iziston prezidentining jiyani Lazzat Nurgojeva uchun dabdbali Marry me tashkil etgan yigit giyohvand moddalar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda "24.kg" nashri xabar berdi.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari Aftandil Sabirbekovni giyohvand moddalarni sotishda gumon qilib qo‘lga olgan. Hozirda hibsga olingan shaxs bilan surishtiruv harakatlari davom etayotgani aytilgan.

Aftandil Sabirbekov yaqinda Qirg‘iziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan vertolyot ijaraga olib, prezident jiyani Lazzat Nurgojevaga turmush qurishni taklif qilgan edi. U ayni paytda Nurgojevaning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.

Dabdabali Marry me dan olingan video keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Keyinroq prezident Sadir Japarov murojaat e’lon qilib, bo‘lajak kuyovining isrofgarchiliklari uchun uzr so‘rashga majbur bo‘lgan.

Prezident matbuot kotibi Askat Alagozov Lazzat Nurgojevaning qallig‘i hibsga olinishiga izoh bergan. Prezident oilasiga yaqinlashuvdan maqsad o‘zining noqonuniy ishlari uchun muhofaza yaratish bo‘lganligi aytilgan.

“Prezident Sadir Japarov jiyanining qallig‘i huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinganini tasdiqlaymiz. Bu yigitning asosiy maqsadi o‘zining noqonuniy faoliyatini himoya qilish uchun hokimiyatdagi odamlarga yaqinlashish bo‘lgan, deyishga to‘liq asoslar bor”, — deyiladi prezident idorasi xabarida.

Alagozovning ta’kidlashicha, Sadir Japarov kim bo‘lishidan qat’i nazar, noqonuniy xatti-harakatlarini yashirmaydi va bunday harakatlarga sherikchilik qilmaydi.

“Sobiq kuyov va uning sheriklarining noqonuniy xatti-harakatlari tafsilotlari tergov jarayonida oydinlashadi”, — deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari matbuot kotibi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!