Qing‘ir ishning qiyig‘i: jinoyat ustida qo‘lga tushgan namanganlik erkakka hukm o‘qildi
Xalqimizda: «Oqimga qarshi suzsang, g‘arq bo‘lasan», – degan naql bor. Jamiyat hayoti ham bir oqimdir. Hamma qatori oila, yurt ravnaqi uchun halol mehnat qilgan, qonun-qoidalariga rioya etgan kishi tinch, bexavotir yashaydi, albatta.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi sudyasi Nodirjon Raimqulovning xabar berishicha, namanganlik Sanjar Hamidov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham ikki nafar farzandli bo‘lsa-da, qoida buzgani yetmagani bir holda uni xaspo‘shlash uchun qing‘irlik yo‘lini tanladi.
Sudlanuvchi S.Hamidov 2020 yil 10 avgust kuni o‘zining boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinasida harakatlanib ketayotganida Namangan shahri, Navoiy ko‘chasida Namangan viloyat IIB YHXB inspektori A.Alimov tomonidan to‘xtatilib, avtomashinaga foydalanish mumkin bo‘lmagan kapronli gaz ballon o‘rnatilganligi aniqlanib, ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirilib, transport vositasi jarima maydonchasiga tortilgan.
Shundan so‘ng S.Hamidov transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib berish hamda ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirmaslik uchun A. Alimovga 500 ming so‘m pul mablag‘i berishni taklif qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV o‘z xavfsizlik boshqarmasi Namangan viloyat bo‘yicha bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda S. Hamidov 500 ming so‘m pulni A. Alimovning cho‘ntagiga solib qo‘ygan vaqtida ushlangan.
Sud davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachi fikrini, sudlanuvchi S. Hamidovni ko‘rsatuvlarini, guvohlarning tushuntirishlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, S. Hamidovni jinoyat sodir etganlikda aybli deb topib, qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan jazoni tayinladi.
Qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan, xato ustiga xato qiladigan bu toifa shaxslarning holiga voy. Qonunlarimizda qing‘ir manzil tanlaganlar uchun jazo muqarrar.