Qashqadaryodagi perinatal markazda chaqaloq vafot etdi

Qashqadaryodagi perinatal markazda chaqaloq vafot etdi

Qashqadaryo viloyati perinatal markazida chaqaloq vafot etgani to‘g‘risida murojaat e’lon qilindi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi murojaat yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro viloyat perinatal markazida turmush o‘rtog‘ining ko‘zi yorigani, ammo shifokorlar farzandiga yaxshi qaramayotgani, tamagirlik qilishayotgani, kelganidan buyon bu yerda 21 nafar bola vafot etganini ma’lum qilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, murojaat muallifining turmush o‘rtog‘i 1997 yilda tug‘ilgan X.D. 2023 yil 13 martdan 17 martgacha Toshkent tibbiyot akademiyasining tug‘uruq kompleksida homilador ayollar patologiyasi bo‘limida davolangan.

Ayol 2023 yil 16 martda Respublika ona va bola skrining markazida skrining ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilgan. Oxirgi oylarida X.D.da doimiy og‘riq bo‘lgan, u Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruqqa tayyorlash bo‘limida davolanishga yotqizilgan.

Chaqaloqqa SSV tomonidan tasdiqlangan standart protokollar asosida yordam ko‘rsatilgan. Ammo shunga qaramasdan 28 mart kuni soat 13:15 da go‘dakda o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligidan biologik o‘lim qayd etilgan. O‘lim sababi: “Neonatal sepsis. DVS sindromi. Nafas va yurak yetishmovchiligining og‘ir darajasi. Morfofunksional yetuksizlik. Muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloq”.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi murojaat muallifiga hamdardlik izhor qilgan. Boshqarma ishchi guruhi tomonidan murojaat muallifi va viloyat perinatal markazi navbatchi tibbiyot xodimlari ishtirokida mazkur holat muhokama qilindi. Murojaat muallifi da’vo qilgan tamagirlik bilan bog‘liq holatlar huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘rganilib, qonuniy baho berilishi ma’lum qilingan.

Aniqlanishicha, murojaat muallifi o‘z chiqishida keltirib o‘tgan viloyat perinatal markaziga kelganidan buyon bu yerda 21 nafar go‘dak vafot etgani haqidagi xabar hech qanday asosga ega emas. Boshqarma ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan bu kabi yolg‘on ma’lumotlar aholi, shu jumladan, perinatal markazda davolanayotgan bemor ayollar va ularning yaqinlari orasida noto‘g‘ri tasavvur va tushunchalar hamda sarosimaga olib kelishini qayd etib, shu bois har qanday vaziyatda bu kabi noqonuniy harakatlardan tiyilishni so‘ragan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!