Qashqadaryodagi asab-ruhiy kasalliklari shifoxonasiga qayta monitoring o‘tkaziladi - Ombudsman

Qashqadaryodagi asab-ruhiy kasalliklari shifoxonasiga qayta monitoring o‘tkaziladi - Ombudsman

2022 yilning 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatdagi mintaqaviy vakili M.Normuradov viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Unda Qarshi shahar 1-oilaviy poliklinika bosh vrachi J.Eshimov va Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi provizori M.Xo‘jamovlar ham ishtirok etishdi.

190 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur shifoxonada monitoring o‘tkazilgan kunda 229 nafar bemor davolanayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish davomida shifoxonadagi bemorlarga berilayotgan ovqatlar menyusi va ularning sifati, dori-darmon vositalari ta’minoti hamda muddatlari o‘rganilganda kamchiliklar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Lekin, monitoring davomida Ombudsman mintaqaviy vakili boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan ba’zi kamchiliklar majudligi aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Jumladan, shifoxona binosi ta’mirtalab va u sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Shu bilan birga kanalizasiya bilan bog‘liq muammolar mavjud. Yuvinish xonalarida issiq suv yo‘q va hojatxonalar yopib qo‘yilgan.

Monitoringdan so‘ng, Ombudsmanning Qashqadaryodagi mintaqaviy vakili tomonidan shifoxonada ishlaydigan shifokor va boshqa xodimlar ishtirokida tadbir tashkil etildi. Unda muassasada davolanayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tez kunlarda Viloyat asab-ruhiy kasalliklari shifoxonasiga qayta monitoring o‘tkazilishini ma’lum qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!