Prezidentimiz Murojaatnomasi ilm-ma’rifat tarqatishga mustahkam zamin bo‘ladi

Prezidentimiz Murojaatnomasi ilm-ma’rifat tarqatishga mustahkam zamin bo‘ladi

24 yanvar kuni muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomalari bugungi kundagi vaziyatni teran tahlil qilib, yaqin kelajakka aniq vazifalarni belgilab beruvchi va chuqur mushohadali nutq bo‘ldi.

Ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘lgan – Murojaatnomada Islom dinining asl mohiyati, ilm-ma’rifat, mehr-oqibat va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini o‘zida mujassam etadigan ulkan ishlarga omil bo‘ladi.

Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Murojaatnomalarida 2020 yil – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e’lon qilinishi ezgu maqsadlarimizga erishishda mustahkam zamin bo‘ladi.

Davlatimiz Rahbari xalqimizning dunyoqarashi, tafakkuri talab va ehtiyojlari butunlay o‘zgarganini ta’kidlab, sharq donishmandlarining “Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya. Eng katta qashshoqlik esa –  bu bilimsizlik” degan hikmatlarini doimo yodda saqlash muhimligini alohida qayd etdilar.

Alloh taologa shukrki, muhtaram Yurtboshimizning g‘amxo‘rliklari va sa’y-harakatlari ila yoshlarni ilm-ma’rifatli, odob-axloqli etib tarbiyalashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yigit-qizlarimiz ilm-ma’rifat egallashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga katta urg‘u berildi. Bunday ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida farzandlarimiz ilm-ma’rifat sohalarida ulkan yutuq va muvaffaqiyatlarga erishadilar, insha Alloh.

Murojaatnomada “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan hikmatga mos ravishda oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishga katta urg‘u qaratildi.

Haqiqatan, yoshlar ilm-ma’rifat egallashlari, zamon murakkabliklariga javob beradigan farzandlar bo‘lishlari, yuksak ma’naviyatli, ma’rifatli avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun munosib sharoit hozirlash har qachongidan ham dolzarb bo‘lmoqda. Albatta, farzandlarda bunday fazilatlarni shakllantirishda, hech shubhasiz, mahalladagi mehrli muhitning ta’siri juda katta. Binobarin, mahalla mo‘ysafidlari, imom-domlalar va tarbiya ishiga mutasaddi bo‘lganlar bu ishga alohida diqqat qaratishlari juda ham muhim bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida aynan shu masalalarga bor kuch-quvvatimizni sarflashga alohida e’tibor qaratdilar.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Murojaatnomada bugungi kundagi eng dolzarb masalalarga to‘xtaldilar. Xususan, ta’lim sohasi haqida gapirarkan, Davlatimiz rahbari ta’lim sifatini xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilishini alohida qayd etdi.

Darhaqiqat, bu ishlarda yaxshi natijalarga erishish uchun yoshlarni tani sog‘lom, aqli o‘tkir, xulqini go‘zal qilib tarbiyalash lozimdir. Shundagina, Yurtboshimiz orzu qilganlaridek yoshlarimiz orasidan xorazmiylar, beruniylar, ulug‘beklar, buxoriylar, termiziylar, nasafiylar yetishib chiqadi, insho Alloh.

Muborak dinimizda yoshlarning odob-axloqli bo‘lishi, ilm olishi eng muhim shartlardan hisoblanadi. Islom tarixining saodat asridan boshlab yosh avlod tarbiyasiga juda katta ahamiyat berib keladi. Farzand Alloh taolo ato etgan ulug‘ ne’mat bo‘lishi bilan birga mas’uliyati juda katta omonat hamdir. Jondan aziz bolalarimizni go‘zal xulqli, dinu diyonatli, halol-pok, oilasi, Vataniga sadoqatli etib tarbiyalash esa ushbu ne’matning oliy shukronasi hisoblanadi.

Farzandlarni yoshlik chog‘idan boshlab ilmu ma’rifatga qiziqtirib, o‘rgatib borish lozim. Zero, hadisi shariflarda quyidagicha marhamat qilinadi: “Ilm Chin-Mochin (Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir.

Ilm-fanning qaysi sohasiga bo‘lsa ham o‘qib-o‘rganib, ma’lumot hosil qilgan kishi, albatta, o‘zi, oilasi, xalqi va Vatani uchun manfaat keltiradigan insonlar qatoridan joy oladi.

Ona-Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxt-saodati yo‘lida yoshlarimizni ilmu fan va kasbu hunarli bo‘lib yetishishlari yo‘lida davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rlik bilan birga bu boradagi ota-onalar va ta’lim-tarbiya ishiga mutasaddilarning doimiy harakatlari ham g‘oyat ahamiyatlidir.

Yoshlar tarbiyasi har doim dolzarb masalasi bo‘lib kelgan. Chunonchi, ertamizning qanday bo‘lishi bugungi yoshlarning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga bog‘liq. Bugun tarbiya borasida imom-xatiblar, o‘qituvchi murabbiylar, mahalla faollari yanada faolroq ishlashlariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois, har bir farzandning qalbini ilm-ma’rifat nuri bilan yoritib borish, ularni odob-axloq va foydali mehnatga yo‘naltirish juda ham muhim. Ta’lim-tarbiya ishiga mutasaddi bo‘lganlar mas’uliyat o‘z zimmalarida ekanini doimo yodda tutishlari, buni bir lahza bo‘lsa-da unutmasliklari juda ham zarur.

Har bir sergak inson yurtiga, yurtdoshlarga, Prezidentimizga ehtiromi bo‘lsa, do‘ppini bir chekkaga qo‘yib, o‘zining ish yuritish tartibi va tarkibi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishi, tezlikda samara beradigan amaliy ishlarga o‘tishi kerak. Bu davr talabi, o‘zgarayotgan O‘zbekistonning taraqqiyoti taqozosi.

Prezidentimizning parlamentdagi Murojaatnomalari ziyraklikka, xolislikka, halollikka va odillikka hamda “halollik vaksinasi” bilan emlanishga qat’iy chorlov bo‘ldi.

Manba: muslim. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!