Prezident Xalq qabulxonalari deputatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Prezident Xalq qabulxonalari deputatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Aholi murojaatlarini hal etish har bir rahbarning birinchi galdagi vazifasi sanaladi. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish joylardagi Xalq qabulxonalarining doimiy e’tiborida.Shundan kelib chiqib, viloyatimizda Xalq qabulxonasi bilan siyosiy partiyalar, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlar o‘rtasida o‘ziga xos hamkorlik tizimi yaratildi.

Bu tizimga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar asosida deputatlar o‘zlari saylangan okrugdagi mavjud muammolar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lib borishmoqda.

Xususan, aholi muammolarini o‘rganish, yoshlar bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga yordam ko‘rsatish, tegishli tashkilotlar tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qabul qilingan qarorlar ijrosini joyiga chiqqan holda o‘rganish jarayonlarida deputatlar ishtirokini ta’minlash yaxshi natija bermoqda.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun barcha deputatlar va Xalq qabulxonasi xodimlaridan iborat internet guruhi tashkil qilindi. Mazkur guruh orqali deputatlar har bir murojaatdan elektron tarzda xabardor qilinyaptilar. Xabarda murojaatchi, uning yashash manzili va telefon raqami, ariza mazmuni hamda ijrochi tashkilot to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Mazkur xabar bo‘yicha tushgan dalillar asosida deputatlar ijrochi tashkilot bilan hamkorlikda o‘z vakolatlari doirasida murojaatni hal qilish, o‘rganish jarayonlarida ishtirok etishyapti.

Misol uchun, Vobkent tumanida yashovchi fuqaro H.Fatullayevning uy-joyini ta’mirlashda amaliy yordam so‘ram Prezident Xalq qabulxonasi qilgan murojaati tuman Xalq qabulxonasi mudiri M. Mustafoyev, Xalq deputatlari tumani kengashi deputatlari O‘.Boboqulov hamda M.Halimovlar hamkorligida o‘rganilib, H.Fatullayevga qurilish materiallari olib berilib, hashar yo‘li bilan uy-joylarini ta’mirlab berish choralari ko‘rildi. Hovli – joyi saranjom qilinib, tomorqa yerlariga ekin ekilishi tashkillashtirildi. Murojaatchiga tomarqa yeridan maqsadli foydalanish, yer daromad manbai uni har bir qarichidan unumli foydalanish zarurligi to‘g‘risida tushuncha va zaruriy maslaxatlar berildi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Umuman, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 6 mingga yaqin murojaatning 70 foizi Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, sektor rahbarlari hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qanoatlantirildi.

Yana bir yaxshi tajriba xususida.Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyasida har bir deputatga o‘n nafardan ishsiz yoshlar biriktirilib, yil davomida ularni ishga joylashtirish topshirildi. Shu tariqa deputatlar yoshlarni otaliqqa olib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqdalar,ishsizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlarida ko‘maklashmoqdalar.

Bugungi sinovli kunlarda deputatlar xayr-saxovat ishlari bilan ham shug‘ullanmoqda.Shu bilan birga ishsiz qolgan aholini o‘ylab, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratmoqda. Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati, «Shohrud» hissadorlik jamiyati rahbari Nodir Hamdamov ana shunday insonlardan biri. U yana bir ezgu ishga qo‘l urdi. «Saxovatlimiz, ish o‘rni yaratamiz!» aksiyasi doirasida ish o‘rnini yo‘qotgan 25 nafar kishining bandligini ta’minladi.

U bunga ayni sinovli kunlarda antiseptik vositalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali erishdi. Deputat yaqin kelajakda kamida 50 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlash niyatida.

Oliy Majlis Senati a’zosi, «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Nurmuxamed Achilov ham mana shunday saxovatpesha tadbirkorlarimizdan. U viloyatimizning chegara hududi bo‘lmish Olot tumanida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 1849 ta oilani o‘z otalig‘iga oldi. Ushbu oilalarning jismoniy mehnatga qobiliyatli bo‘lgan vakillarini ish bilan ta’minlanmoqda. Aniqrog‘i, «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» MCHJga qarashli bog‘ning qator orasiga sabzavot va poliz ekinlarini ekish orqali ham oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldi olinmoqda, ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari daromad manbaiga ega bo‘lishmoqda. Shu oilalarning mehnat qilish imkoniyati cheklangan vakillarini esa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash mas’uliyatini Nurmuhamed Achilov o‘z yelkasiga olgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Xalq qabulxonasining siyosiy partiyalar hamda deputatlar bilan yaqin hamkorligi, murojaatlarni hal etishdagi yangicha yondashuv odamlar tashvishini yengillatishga, ularning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qilmoqda.

 

Erkin Qulnazarovich Qudratov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!