OTM fan olimpiadasi nizomini o‘zgartirish vaqti keldimi?

OTM fan olimpiadasi nizomini o‘zgartirish vaqti keldimi?

«Respublika talabalar fan olimpiadasi xususida keskin inkor qilib bo‘lmaydigan achchiq haqiqat mavjud: olimpiadaning respublika bosqichi odatda o‘zaro kelishmovchiliklar, noroziliklar bilan tugaydi. Ko‘p hollarda 1-o‘rin tashkilotchi oliy ta’lim muassasasiga, 2-o‘rin tayanch OTMga, 3-o‘ringina haqiqiy talabgorga (shunda ham talaba va uning o‘qituvchisi tortishuvlarda yengib chiqa olsa) nasib qiladi. Bu esa yillar davomida olimpiada nufuzining tushishi, unga past nazar bilan qaralishiga sabab bo‘lmoqda» . Bu haqda Maʼrifat nashri yozmoqda.

«Yaqinda Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutida «Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi»  mutaxassisligi bo‘yicha respublika fan olimpiadasining ikkinchi bosqichida mas’ul vakil sifatida ishtirok etdim. Ushbu jarayonda bir necha marotaba yechimi nizomda ko‘rsatilmagan munozarali holatlarga duch keldim. Nazarimda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «Oliy ta’lim muassasalari talabalari respublika fan olimpiadasi to‘g‘risida» gi nizomini takomillashtirish vaqti keldi”, ─ deya yozadi maqola muallifi, Qarshi davlat universiteti «O‘zbek tilshunosligi»  kafedrasi mudiri Bashorat Bahriddinova. 

Muallifga ko‘ra, fan olimpiadasining oliy ta’limdagi shaklini saqlab qolish uchun olimpiada to‘g‘risidagi nizomga bir qator jiddiy o‘zgartirishlar kiritish lozim. Xususan:

Birinchidan, olimpiadaga ilmiy salohiyati yuqori, ma’naviy yetuk, zimmasida javobgarligi bo‘lgan mutaxassislar jalb qilinishi lozim.

Ikkinchidan, har qanday tanlov natijasi uchun rag‘bat muhim rol o‘ynaydi, yana bu fan olimpiadasi bo‘lsa. Nega OTM talabalari olimpiadasi uchun imtiyoz belgilanmagan? Pul mukofoti ko‘rsatilgan, biroq o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olishni davom ettirish, masalan, davlat granti asosida magistraturada o‘qish yoki mutaxassislik fanidan maksimal ballni qo‘lga kiritish kabilar talaba uchun muhim imtiyoz hisoblanadi.

Uchinchidan, nizomda olimpiada tili ko‘rsatilishi lozim. Ishtirokchining muloqot tili qaysi bo‘lishidan qat’i nazar ta’lim o‘zbek tilida olib borilgan barcha yo‘nalishlarda olimpiada davlat tilida o‘tishi kerak. Masalan, kimdir rus tilida, kimdir qoraqalpoq tilida yozma ishlarni bajardi. Bu raqamlab tekshirish jarayonida aniqlandi va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan yo‘nalishlar uchun alohida tanlov o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.

To‘rtinchidan, hakamlar hay’ati a’zolari qur’a tashlash yo‘li bilan emas, jamoaning taklifi bilan shu fan bo‘yicha respublikada o‘ziga xos o‘ringa va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, xolis mutaxassislardan saralanib olinishi kerak. Qur’a yo‘li bilan tanlash tajribasiz, saviyasiz, o‘z manfaatini ustun qo‘yadigan, talabaning iqtidorini qadrlamaydigan a’zolarning hay’at tarkibiga kirib qolishiga sabab bo‘ladi.

Beshinchidan, oldingi yillari imtiyozli o‘rinni olgan talabaning qayta olimpiadada qatnashishini cheklash kerak. Bu gegemonlikni keltirib chiqaradi. Imtiyozdan boshqalarning ham foydalanishiga imkoniyat yaratish kerak.

Oltinchidan, olimpiadaning ikkinchi bosqichi uchun har to‘rtta tur bo‘yicha savol va topshiriqlar, testlari, ijodiy ish namunalari yo‘nalishlar xususiyatidan kelib chiqib OTV tashkiliy qo‘mitasi tomonidan to‘planishi, saralanishi va muhrlangan holda tashkilotchi OTMga olimpiadaga bir kun qolganda yetkazilishi maqsadga muvofiq. Tashkilotchi OTM talabasi doimo testlardan eng yuqori ball to‘playdi, chunki savollar bilan tanish bo‘ladi-da. Vazirlik tomonidan savol va topshiriqlar bazasini shakllantirishda hamma OTMlar jalb etilishi aytilsa-da, bu ish asosan tashkilotchi OTM ixtiyoriga qoldirilmoqda.

Ettinchidan, yo‘nalish, mutaxassislik qat’iy chegaralanishi kerak. Nizomda umumkasbiy va mutaxassislik fanlari bo‘yicha olimpiada turlariga ajratiladi, lekin har doim OTMlar tomonidan e’tiborsizlik bilan nomutaxassis bo‘lgan yo‘nalishlarga talabalar yuborilishi bilan bog‘liq muammolar uchraydi.

Sakkizinchidan, olimpiada turlari mutaxassislik xususiyatlaridan kelib chiqib aniq belgilanishi, baholash mezonlari, masalan, yozma ishning daftar yoki maxsus blankalarga yozilishi, hajmi, ajratilgan vaqt va boshqalar ham nizomda ko‘rsatilishi kerak.

To‘qqizinchidan, talabaning shaxsi va haqiqatan ham shu yo‘nalish talabasi ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar o‘zi tahsil olayotgan muassasa rahbarining yo‘llanmasi, pasporti (asl nusxasi), baholash daftarchasi (asl nusxasi) bilangina olimpiadada ishtirok etish mumkinligi nizomda shart etib ko‘rsatilishi lozim.

O‘ninchidan, oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashda talabalar fan olimpiadasi ikkinchi bosqichi natijalari muhim mezonlardan biri sifatida ko‘rsatilishi lozim.

Mazkur o‘zgartirishlar asosida fan olimpiadasining maqomini tiklash, talabalar va OTMlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish mumkin.

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!