Oson pul topish ilinjida internet o‘yinlari qurboniga aylangan talaba jinoyatga qo‘l urdi

2021 yil 17 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi binosida, ochiq sud majlisida sudlanuvchi O.Qoyirovga nisbatan hukm o‘qildi.
Ish holatlariga ko‘ra, u ikki yildan buyon internet tarmog‘idagi “1Xbet” nomli dasturi orqali turli xil o‘yinlarga pul tikib, ushbu o‘yinlarda (qimor o‘yinlarda) pulini yutqazib qo‘yganidan so‘ng o‘g‘irlik qilishni rejalashtirib, 2020 yil 22 dekabr kunidan 2020 yil 24 dekabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida bobosi To‘xsonov Bozor yashab kelayotgan Buxoro shahar A.Somiy ko‘chasi 5/4-uy 19-xonadonga hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘zi tomonidan oldindan yasatib olingan kalit yordamida uyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonadon yotoqxonasidagi tumbochka ichidan B.To‘xsonovga tegishli ancha miqdordagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qiymat bo‘yicha 47.084.040 so‘mga teng bo‘lgan jami 4.500 AQSh dollarini yashirin ravishda talon-toroj qilib o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan. Bu ham yetmaganday, O.Qoyirov bobosining uyida sodir etgan o‘g‘irlik jinoyatini yashirish maqsadida o‘zi tomonidan olib kelingan 10 litrli yelim idish ichidagi benzinni uyning yotoqxonasi va oshxonasiga sepib, xonadonni to‘liq yonib ketishini xohlab xona derazalarini ochib qo‘ygan holda xonalarga o‘t qo‘ygan.
Sud majlisida sudlanuvchi O.Qoyirov tomonidan sodir qilingan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishligini, uning aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini, Buxoro muhandislik-texnologiya institutining 4-bosqich talabasi ekanligini, yoshligini, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini, jabrlanuvchi (bobosi To‘xsonov Bozor)ning da’vosi yo‘qligini va unga nisbatan qonuniy yengillik berilishini so‘rab qilgan murojaatini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligini, uning qilmishini jazoga sazovor va uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin degan to‘xtamga kelinib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 169-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari va 25,173-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari bilan JKning 57,59-moddalariga asosan jarima jazosi tayinlangan.
Farrux Ikramov, jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudining raisi