Oq uy «iqlim o‘zgarishi dini»ga barham bermoqchi
AQShning Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) mamlakatdagi iqlimni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Agentlik rahbari Li Zeldin, Prezident Donald Trampning yaqin safdoshi, uglekislota (CO₂) bilan kurashish uchun huquqiy asoslar yo‘qligini bildirdi.
🗣 Zeldinning so‘zlariga ko‘ra:
«CO₂ doimo yomon qilib ko‘rsatiladi, ammo uning foydali tomonlari hech qachon tan olinmaydi. U Yer uchun juda muhim.»
U o‘z nutqida iqlimni muhofaza qilishni «iqlim dinining muqaddas g‘oyasi» deb atab, uni bekor qilish niyatida ekanini bildirdi.
Bu siyosatga ko‘ra, iqlimni himoya qilish e’tibordan chetga chiqarilib, e’tibor mablag‘larni tejashga qaratiladi — ya’ni «kamroq iqlim muhofazasi, ko‘proq pul».
🛑 Ammo Zeldinning bu bayonoti jamoatchilikda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab ekologik tashkilotlar EPAga qarshi kurash olib borishini ma’lum qildi. Chunki 2007 yilda AQSh Oliy sudi EPAni parnik gazlariga qarshi kurashish majburiyati bilan yuklatgan. Bu majburiyat 1963 yilda qabul qilingan «Toza havo to‘g‘risidagi qonun» (Clean Air Act) asosida amalga oshirilishi shart.
2009 yilda EPA ilmiy tadqiqotlar asosida parnik gazlari sog‘liqqa tahdid solishini rasman e’lon qilgan va shu vaqtdan beri bu siyosat AQSh iqlim siyosati uchun asos bo‘lib kelmoqda.
Bugungi kunda Kongressda Trampning Respublika partiyasi ustunlik qilmoqda. Shu bois, Clean Air Act qonuni saqlanib qoladimi-yo‘qmi — noma’lum.
Kornell universiteti professori Jon Tobin-de la Puente ta’kidlaganidek, hatto agar hukumat o‘z maqsadiga erishsa ham, sanoat va energetika kompaniyalari qisqa muddatli siyosiy qarorlarga qarab yirik sarmoyaviy qarorlar qabul qilmaydi. Shu bois, katta CO₂ chiqaradigan texnologiyalar hali ham keng qo‘llanilmasligi mumkin.
