“Olimpiada-2024”: Xitoy yetakchilikka erishib oldi
Bugun, 1 avgust kuni Parij shahrida davom etayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining oltinchi kungi musobaqalarida 9 ta sport turining 18 medallar jamlanmasi uchun qizg‘in bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Dunyo sport ixlosmandlariga hayajonli lahzalarni tortiq etayotgan “Parij-2024” o‘yinlarining bugungi bahslarida mamlakatimiz sportchilari dzyudo, akademik eshkak eshish va boks musobaqalarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Dzyudochilarimizdan Muzaffarbek To‘raboyev -100 kilogrammda va Irisxon Qurbonboyeva ayollar o‘rtasidagi -78 kilo og‘irlikda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Muzaffarbek To‘raboyev ilk bellashuvni Nurlixan Sharxan (Qozog‘iston) / Toma Nikiforov (Belgiya) bahsi g‘olibi bilan o‘tkazsa, Irisxon Qurbonboyeva yaponiyalik Riki Takayama bilan ro‘baro‘ keladi.
Shuningdek, akademik eshkak eshish musobaqalarida Anna Prakaten yarim final startida qatnashadi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida bokschilarimiz janglarga kirishadi.
Bugungi musobaqa dasturiga ko‘ra, 50 kilo og‘irlikda Sabina Boboqulova Tailand vakili Chatamat Raksat bilan, 63,5 kiloda Ruslan Abdullayev kanadalik Vyatt Sanford bilan, 66 kilogrammda Navbahor Hamidova AQShlik Morelle Makkeyn bilan hamda 92 kilogrammda Lazizbek Mullojonov braziliyalik Marli Keno Machado bilan ro‘baro‘ keladi.
Kecha o‘tkazilgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, Xitoy terma jamoasi 9 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan yetakchilikka erishib olgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan Fransiya vakillari hozircha 8 oltin, 10 ta kumush, 8 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi.
Etakchilikdan tushib ketgan Yaponiya sport delegasiyasi 8 ta oltin, 3 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan kuchli uchlikka yakun yasagan. Ulardan keyingi o‘rinlarda borayotgan Avstraliya sportchilari 7 ta, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya 6 ta, Amerika Qo‘shma Shtatlari esa 5 ta oltin medal jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan.