Nosvoy biz bilgan, ammo tan olmagan ofat
Bolalarimizni va o‘zimizni undan himoya qilaylik.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha tutunsiz tamaki chekuvchilarning soni 346 million nafarni tashkil etadi. Ularning aksariyati (86 foizi) Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida yashaydi. Dunyodagi 13-15 yoshdagi o‘smirlarning taxminan 4 foizi tutunsiz tamaki chekadi va kattalar singari, ularning aksariyati Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida yashaydi.
Xo‘sh, bugun bu borada vaziyat qanday?
2019 yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan so‘rovda 18-69 yoshdagi erkaklarning 20 foizi, jumladan, har besh nafar erkakning biri, taassufki, ayollarning 0,4 foizi tutunsiz tamaki chekishi aniqlandi.
2021 yilda aynan yoshlarimiz orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi (o‘g‘il bolalarning 2,3 foizi, qizlarning 0,9 foizi) nosvoy chekadi. O‘g‘il bolalarning 10 nafaridan bir nafari, qiz bolalarning 20 nafaridan bir nafari nosvoy chekib ko‘rgan.
Bu ko‘rsatkich qaysidir ma’noda kamdek ko‘rinishi mumkin. Ammo bugun yoshlarimiz orasida keng ko‘lamda tarqab borayotgan yangi ofat - nikotinli SNYUSlar ko‘rsatilgan raqamlardan ancha ko‘proq raqamlarni aks ettirmoqda.
Shu o‘rinda nosvoyning tayyorlanishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, hech birimizga sir emaski, nosvoy sanitariya talablariga mutloqo rioya etilmagan holda, qo‘lbola usulda tayyorlanadi.
Nosvoy maydalangan tamaki nikotinning qonga so‘rilishini yaxshilash uchun qo‘shiladigan so‘ndirilgan ohak (kalsiy gidroksid)dan iborat aralashmadir (har bir hududda har xil qorishmalar asosida tayyorlanishi mumkin). Qo‘shimchalar o‘rnida o‘simlik kuli, o‘simlik moyi, masalan paxta yoki kunjut yog‘i, shuningdek, shirin ta’m beruvchi quruq mevalar va xushbo‘y hid taratuvchi aromatizatorlardan foydalanilishi mumkin.
Nosvoyning tayyorlanish jarayoni va hattoki sotilish jarayonida ham hech bir sanitariya qoidalariga amal qilinmaganligiga har birimiz guvoh bo‘lganmiz. Ammo negadir nosvoy shunday sotilishi kerak, shunday iste’mol qilinishi kerak va eng ayanchlisi, to‘g‘ri kelgan joyga noodatiy holda chiqindi sifatida betartib tashlanishi (tupurish) odatiy holga aylangan. Ushbu holat tan olishimiz kerakki, yon-verimizda ko‘rib o‘sgan bizning ta’bimizni qanchalar xira qiladi, tasavvur qiling-a, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar nazdida biz kim bo‘lib qolamiz? Baho xato qilgan va xatoga jimgina qarab turgan har bir insonga berilishini unutmasligimiz darkor.
Biz oddiy deb bilgan va hatto, bobom nos chekib 90 yoshga kirib vafot etdi yoki men chekaman sog‘lig‘imdan umuman shikoyatim yo‘q, deganlar uchun, nosvoy sog‘liq uchun nechog‘lik xavfli ekanligini tibbiyot tilida asoslangan ma’lumotlarni keltirishni joiz, deb bildik.
Nosvoy og‘iz va milklarning yallig‘lanishi, milklar atrofiyasi, kariyes va tishlarning buzilishiga, shuningdek, tish emalining tez yemirilishiga sabab bo‘ladi.
Nosvoy chekish og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach va oshqozonosti bezida saraton rivojlanishiga, yurak-tomir kasalliklari va surunkali gipertoniyaga olib kelishi mumkin, homiladorlik paytida iste’mol qilinganda o‘lik bola tug‘ilishi, muddatidan oldin tug‘ilish va kichik vazndagi bola tug‘ilishi xavfini oshiradi.
Nosvoy chekadigan erkaklarda bepushtlik kuzatiladi, bu sperma hajmi va miqdorining kamayishi, faolligining pasayishi va nuqsonli spermatozoidlar ulushining ortishi bilan izohlanadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda nosvoy va boshqa tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishi bilan bevosita bog‘liq rak kasalliklari tufayli barvaqt o‘lim 30-69 yoshdagi erkaklarda ayollarga qaraganda bir necha marta, xususan, lab raki 3,5 marta, og‘iz bo‘shlig‘i raki 3,8 marta, milk raki 3,1 marta, halqum raki 2,5 marta, oshqozon raki 2 marta ko‘p uchragan.
O‘zbekistonda 1,5 milliondan ortiq har kuni nosvoy chekuvchining yarmisi, ya’ni 765 ming chekuvchi barvaqt o‘lim (70 yoshgacha) xavfiga duchor bo‘ladi. Agar tegishli choralar ko‘rilmasa, bu raqam yanada ko‘tarilishi mumkin. Insoniyatning birgina nosvoy ortidagi bu yo‘qotishi, oilalar boshiga tushadigan kulfatlar o‘ylaymizki, arzimas raqamlarda isbotlanmagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili mamlakatimizda taxminan 15 tonna nasvoy ishlab chiqariladi. Bu mahsulot bozorlarda, ko‘chalarda va afsuski, ta’lim muassasalariga yaqin atrofda ochiq, erkin holda sotiladi. Natijada, nosvoyning narxi filtrli sigaretalar narxidan taxminan 4-5 baravar past bo‘lib, bu uning yoshlar uchun hamyonbopligini ta’minlaydi.
O‘z navbatida yuqorida keltirgan barcha dalillarimiz nosvoyning qonunan tartibga solinishiga bo‘lgan ehtiyojning nechog‘lik yuqoriligini ko‘rsatib turibdi.
Yuqoridagi sabablardan hamda O‘zbekiston Respublikasi Alkagol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi o‘z majburiyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizda nosvoyni keng iste’mol qilinishini e’tiborga olgan holda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqdi va belgilangan tartibda vakolatli organlarga kiritdi.
Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi yangi Qonunini Oliy Majlis Senati takliflariga muvofiq qayta ko‘rib chiqmoqda.
Qonunga asosan, nosvoyni ishlab chiqarish va savdosi tartibga solinadi hamda normalarini belgilash maqsadida standartlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Xususan standartlarda belgilanadigan normalardan nosvoyni alohida 20 dona otim (porsiya)ni o‘z ichiga oluvchi o‘ramlarda hamda chekuvchining xabardorligini oshirish maqsadida o‘ramlarga tasvir va tegishli matn ko‘rinishdagi tibbiy ogohlantirishlar joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, nosvoyni standartlar asosida ishlab chiqarish ushbu mahsulotlarga majburiy raqamli markirovkalashni tadbiq etishni va aksiz solig‘iga tortish imkonini yaratadi.
Qonunda nosvoy tamaki mahsulotiga tenglashtirilishi va tamaki mahsulotiga belgilangan barcha cheklovlar nosvoyga ham taalluqli bo‘lishi ko‘zda tutadi. Bunday yondashuv yoshlarni nosvoydan himoya qilishga zamin yaratadi, keyingi avlod orasida nosvoy chekilishini keskin qisqartirishga yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, nosvoy aylanmasini qonunan tartibga solish ham aholi sog‘lig‘ini saqlash, ham mamlakat iqtisodiyoti maqsadlariga xizmat qiladi.
