"Nega bojxonachilar sud qaroriga bepisand?" — “O‘zagrosug‘urta” AJ mazkur holat yuzasidan munosabat bilidirdi

"Nega bojxonachilar sud qaroriga bepisand?" — “O‘zagrosug‘urta” AJ mazkur holat yuzasidan munosabat bilidirdi

Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, uning yo‘lidagi har qanday sun’iy to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari xalq xizmatchisiga aylanishi lozimligi haqidagi g‘oyalar ayni shu masalalarni o‘z ichiga oladi.

Farg‘ona viloyat bojxona boshqarmasining na mantiq va na qonun normalariga mos mazkur harakati chin ma’noda tadbirkor yo‘liga qo‘yib kelinayotgan to‘siq bo‘lib, shuningdek, mamlakatdagi yetakchi sug‘urta kompaniyasi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Avvalambor, nizo qayerdan kelib chiqqani to‘g‘risida to‘xtalish lozim. Shunda ushbu voqealarning “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatiga qanday aloqasi borligi tushunarli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan xalqaro huquq normalariga ko‘ra, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan eksport-import qilinadigan mahsulotlarga bojxona boji qo‘llashda imtiyozlar mavjud.

Tadbirkor R.Malikov Qirg‘izistondan olma mahsulotlarini O‘zbekistonga import qiladi. Tadbirkorda mahsulot qayerdan olib kelinayotganini tasdiqlovchi hujjati bo‘lsa-da, bojxonachilar Qirg‘iziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan berilgan sertifikat haqiqiyligiga shubha bilan qarashadi va qo‘shni mamlakatga so‘rovnoma yuborishadi. Shundan so‘ng tadbirkor bojxona boji to‘lovi bo‘yicha fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashga va “O‘zagrosug‘urta” AJ sug‘urta polisini ta’minot sifatida taqdim qilishga majbur bo‘ladi.

Bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona to‘lovlari uchun ta’minot sifatida sug‘urta polislari olinganligi sababli, tadbirkorga bojxona to‘lovlarini to‘lash 2 oyga kechiktiriladi. Bu holatda bojxona boshqarmasi va tadbirkorga bojxona to‘lovlari tadbirkor tomonidan 2 oy ichida to‘lanmasligi ma’lum. Chunki import qilingan mahsulotlarga nisbatan imtiyoz qo‘llanilishi lozim.

Berilgan hujjatlarga shubha bilan qarab Bojxona boshqarmasi mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari natijasida bir vaqtning o‘zida tadbirkor va “O‘zagrosug‘urta” AJning hisob raqamlariga so‘zsiz ijro etiladigan inkasso topshiriqnomalari qo‘yiladi.

Tadbirkor bojxonachilarining boj hisoblashdagi harakatlariga qonuniy baho berishni so‘rab, sudga ariza beradi. Farg‘ona viloyat Ma’muriy sudi Bojxona boshqarmasi mansabdor shaxslarining import qilingan mahsulotlar uchun hisoblangan boj to‘lovi qonunga zid, deb qaror chiqaradi. Biroq shu kungacha bojxona organi sudning qonuniy kuchida bo‘lgan qarorini bajarishdan asossiz ravishda bosh tortmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tadbirkorlik faoliyati sub’ekti sifatidagi huquqlarimizni buzib kelmoqda. Kompaniya bank hisob raqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomasi shular jumlasidandir. Gap 5 millard so‘mdan oshiq noqonuniy to‘lov haqida ketayotgani masala naqadar jiddiy ekanidan darak beradi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan bojxona to‘lovini to‘lamaslik uchun asoslar mavjud bo‘lmagan polislar bo‘yicha to‘lovlarni ixtiyoriy ravishda amalga oshirildi. Shundan so‘ng to‘lov hujjatlarining bank tasdiqlagan nusxalarini ilova qilib, Farg‘ona viloyat bojxona boshqarmasiga rasmiy xat berildi. “O‘zagrosug‘urta” AJ xatda to‘lovlar ixtiyoriy to‘lab berilganligi va qarzdorligi qolmagan inkasso topshiriqnomalarini qaytarib olishni so‘raydi.

Afsuski, bu murojaat Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilmadi va “O‘zagrosug‘urta” AJning bank hisob raqamiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinmadi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, tegishli sug‘urta polislari bo‘yicha sug‘urta tashkiloti boj to‘laganidan keyin ham, bojxona boshqarmasi aynan shu to‘lovni undirish uchun sug‘urta tashkilotining bank hisob raqamiga ko‘ygan inkasso topshiriqnomasini nima sababdan qaytarib olmayapti? Bunga qanday qonuniy asos bor? Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasida bir nafar javobgarlik bo‘yicha ikki va undan ortiq marotaba pul mablag‘larini undirib olish vakolati bormi?

Ushbu savollar javobsiz qolmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!