Nazariya va amaliyot uyg‘unligi: TDIUda logistika va moliya bo‘yicha master-klass
Mamlakatimizda yoshlarning bilim va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasb va ko‘nikmalar bilan qurollantirish masalalari bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu maqsadda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda ilgari surilgan vazifalar ijrosi doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Moliya fakultetida “Logistika va moliya: samarali ta’minot zanjiri qanday ishlaydi?” mavzusida master-klass tashkil etildi.
Mazkur tadbir oliy ta’lim jarayonida nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Bugungi globallashuv sharoitida logistika va moliya sohalarining o‘zaro chambarchas bog‘liqligi tobora ortib borayotgani, ayniqsa ta’minot zanjiri boshqaruvida moliyaviy resurslarni to‘g‘ri taqsimlash va logistika jarayonlarini samarali tashkil etish iqtisodiy barqarorlikning muhim omillaridan biri ekani ta’kidlandi. Shu bois oliy ta’lim muassasalarida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy tajribaga asoslangan mashg‘ulotlar tashkil etilishi talabalarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Master-klass davomida logistika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassis, "Aerostar kogiatcs" MCHJ bosh direktori B. Xabibullayev tomonidan logistikaning zamonaviy yo‘nalishlari, ta’minot zanjirining asosiy bosqichlari hamda logistika jarayonlarini samarali boshqarish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, mahsulot yoki xizmatning ishlab chiqaruvchidan iste’molchigacha yetib borish jarayonida transport logistikasining o‘rni, omborxona tizimlari, yuklarni boshqarish, xalqaro savdo jarayonlaridagi logistika operasiyalari hamda ular bilan bog‘liq moliyaviy jarayonlar keng yoritildi.
Shuningdek, logistika tizimida ta’minot zanjirining uzluksiz ishlashi uchun rejalashtirish, resurslarni optimallashtirish, transport va saqlash xarajatlarini kamaytirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish kabi omillar alohida muhim ekani ta’kidlandi. Zamonaviy logistika jarayonlarida raqamli texnologiyalar, axborot tizimlari va xalqaro hamkorlik mexanizmlarining roli haqida ham batafsil fikr yuritildi.
Amaliy misollar va real biznes tajribalariga asoslangan ushbu dars talabalarda logistika jarayonlarini kompleks tushunish, moliyaviy va tashkiliy qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Talabalar ta’minot zanjiri boshqaruvining amaliy jihatlari, biznes jarayonlarini tashkil etish hamda logistika tizimining iqtisodiyotdagi o‘rni haqida atroflicha tasavvurga ega bo‘ldilar.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar oliy ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularni mehnat bozoriga yanada puxta tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Madinabonu Abdullayeva,
TDIU, katta o‘qituvchisi.



